Baytqo‘rg‘on-Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘li tarmog‘ining qurilish ishlari yakunlandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyatining Parkent tumanida uzunligi 23,8 km bo‘lgan mazkur bir izlik temir yo‘l liniyasining qurilishi 2025-yil boshida boshlangan edi.
Boshtransloyiha tomonidan amalga oshirilgan loyiha doirasida 4 ta ko‘prik, 2 ta yo‘l o‘tkazgich, tunnel, 7 ta temir yo‘l kesishmasi qurish hamda 78 ta suv yetkazish inshootini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan edi.
Transport vazirligi yirik loyiha foydalanishga topshirilgach Parkent tumani ham yirik sayyohlik manziliga aylanishini kutmoqda.
Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yilning iyun oyida ushbu tumanga tashrifi doirasida Baytqo‘rg‘on-Parkent elektrlashtirilgan temir yo‘li qurilishi loyihasi bilan tanishgandi.
Qariyb 24 km yo‘l foydalanishga topshirilgach, Parkentdan poytaxtga borish qulaylashishi qayd etildi. Temir yo‘lda kuniga 275 ming nafargacha yo‘lovchi tashilishi hisob-kitob qilingan.
Noyabr oyidagi taqdimotda esa, Qumqo‘rg‘on-Quduqli va Samarqand-Urgut temir yo‘llari bilan birga, Baytqo‘rg‘on-Parkent temir yo‘lini ham elektrlashtirish ko‘zda tutilgani ta’kidlangandi.
Avvalroq Qozog‘iston bilan chegaradagi G‘ishtko‘prik nazorat-o‘tkazish punkti sentabr oyida ochilishi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, ikki yarim yil oldin qurilishi boshlangan Darbaza — Maqtaaral temir yo‘l liniyasining qurilish ishlari joriy yilda yakunlanadi.