Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni “Elektron tijoratni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.

2026-yil 1-iyuldan import mahsulotlarini vaqtincha saqlash uchun yangi turdagi omborlar — bond omborlarini tashkil etish bo‘yicha ikki yillik huquqiy eksperiment boshlanadi. Sinov davri 2028-yil 1-iyulgacha davom etadi.

Bond omborlarida O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlari tomonidan elektron savdo platformalari (marketpleyslar) orqali aholiga sotish maqsadida olib kiriladigan tovarlar joylashtiriladi.

Mazkur bond omborlari erkin omborlar uchun tasdiqlangan litsenziyalash tartibi asosida ishlaydi. Ularda saqlanayotgan tovarlar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi reyestriga kiritilgan maxsus savdo maydonlari orqali sotiladi.

Import tovarlari “erkin ombor” bojxona rejimida bond omborlariga joylashtiriladi. Ularni faqat jismoniy shaxslarga shaxsiy foydalanish maqsadida chakana sotishga ruxsat beriladi.

Marketpleyslar orqali sotilgan tovarlar jo‘natma deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkaziladi. Ularga nisbatan sanitariya va veterinariya nazorati hamda muvofiqlikni baholash choralari qo‘llanilmaydi.

O‘zbekistonda obligatsiya omborlari tizimini tashkil etish 9-aprel kuni elektron tijoratni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda e’lon qilingan edi. Ulardagi tovarlar bojxona bojlari va soliqlarni kechiktirib to‘lash sharti bilan bojxona nazorati ostida saqlanadi.

Tajriba-sinov tartibida tovarlar bond omboriga joylashtiriladi, maxsus platforma orqali sotiladi, bojxona deklaratsiyasi va boj to‘lovlari sotish bosqichidayoq amalga oshiriladi. Bunday platforma va omborlar tegishli reyestrlarga kiritilib, Bojxona qo‘mitasida hisobga qo‘yiladi.

Taqdimotda ta’kidlanganidek, yangi tizimning joriy etilishi kamida $500 mlnlik investitsiyalarni jalb qilish imkonini beradi. Ushbu amaliyot Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, BAA, Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur kabi mamlakatlarda keng qo‘llaniladi.

Prezident Administratsiyasi Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt departamenti boshlig‘i Bobur Xo‘jayevning aytishicha, prezident elektron tijoratni rivojlantirish uchun yangi mexanizmlarni ishga tushirish bo‘yicha barcha takliflarni ma’qullagan. Shuningdek, u yangi tizimni 1-iyuldan ishga tushirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

“Bu esa tovarlarni iste’molchilarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bond omborlaridan sotish imkonini beradi. Bu xalqaro amaliyotda eng samarali savdo mexanizmlaridan biridir. Bu jarayon, birinchi navbatda, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, byudjetga tushumlarni ko‘paytirish va bozor shaffofligini oshirishga qaratilgan”, — dedi ILMA rahbarining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak.