Markaziy bank bir oyda 180 dan ortiq moliya tashkilotlarini jarimaga tortdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan joriy yilning mart oyidagi yig‘ilishlarda 29 ta masala ko‘rib chiqilib, ular bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 17 ta masala muhokama qilingan bo‘lib, bu quyidagilar bilan bog‘liq masalalarni o‘z ichiga oladi:

  • kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish 4 ta;
  • kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish 3 ta;
  • banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish 1 ta;
  • banklar kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish 9 ta.

Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala ko‘rib chiqildi. Unda Markaziy bank talablarining bajarilishi, o‘tkazilgan inspeksiya natijalari hamda moliyaviy xizmatlarni “tartibga solish qumdoni"da sinovdan o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyatini tashkil etmaganligi, shuningdek, o‘rganishlarda aniqlangan kamchiliklar uchun 20 ta bank, 89 ta mikromoliya tashkiloti va 79 ta lombardga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Bundan tashqari, prudensial normativ talablariga rioya etilmaganligi hamda o‘z faoliyatini qonunchilik talablari asosida muvofiqlashtirmaganligi uchun 17 ta bank chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Avvalroq Spot Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursi 32 so‘m 49 tiyinga pasayib, 12 126,10 so‘mni tashkil etgani haqida yozgan edi.