Endi xorijdagi o‘zbekistonliklar konsullik xizmatlariga onlayn navbat olishlari mumkin. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali matbuot xizmati xabar berdi.

Xorijda yashayotgan yoki vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolar uchun my.gov.uz portalida elchixona qabuliga onlayn yozilish imkoni yaratildi.

Ilgari elchixonaga borib navbat kutilgan bo‘lsa, endi barchasini portal orqali amalga oshirish mumkin. Buning uchun portalga kirib, “Elchixona (konsullik) qabuliga yozilish” xizmatini tanlash kerak.

Undan keyin kerakli bo‘lgan konsullik okrugi va xizmat turi, shuningdek, taqvimdan tegishli kun va soat tanlananib, himoya kodi teriladi. “Davom etish” tugmasini bosish orqal navbat varaqasi olinadi.

Qabulga yozilish xizmatidan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi hamda xizmat avtomatik ravishda ko‘rsatiladi.

Agar murojaat etuvchi ko‘rsatilgan vaqtda kelmasa, umumiy tarzda qabul qilinadi. Shu bilan birga, talabgorlar o‘z navbatini boshqa fuqaroga berishlari mumkin emas.

Avvalroq Spot jarimani avtomobilni boshqargan haydovchiga o‘tkazish xizmati ishga tushgani haqida yozgan edi.