O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegaradagi G‘ishtko‘prik (Chernyayevka) chegara-bojxona postini 2026-yilning kuzida ochish rejalashtirilgan. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Serik Jumangarin O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

U Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning Buxorodagi uchrashuvida savdo, iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilganini qayd etdi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2025-yilda deyarli $5 mlrdga yetdi. Bu joriy yilning dastlabki ikki oyida 41% o‘sish bilan $900 mlnni tashkil etdi. Davlat rahbarlari ikki davlat hukumati oldiga bu ko‘rsatkichni $10 mlrdga yetkazish vazifasini qo‘ygan.

“Biz buning uchun hamma imkoniyatlarni ishga solyapmiz. Hozir asosiy ish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi avtomobil, temiryo‘l o‘tkazish punktlarini kengaytirish bilan bog‘liq”, — dedi Serik Jumangarin.

Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosarining ma’lum qilishicha, joriy yilning sentabr oyida Jibek Joli (O‘zbekiston tomonidan — G‘ishtko‘prik) o‘tkazish punkti ishga tushiriladi. U sutkasiga 70 ming kishi, 2000 dan ortiq yengil avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi. Jumangarinning so‘zlariga ko‘ra, qolgan o‘tkazish punktlari ham tayyor holga keltirilgan.

Shuningdek, u 2026-yil tovar aylanmasiga qo‘shimcha 20 mln tonna yuk qo‘shadigan “Darbaza — Maqtaaral” temiryo‘li qurib bitkazilishini bildirdi. Natijada “Maqtaaral — Sirdaryo” stansiyasi to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi. Hozirda bu yerda xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi qurilmoqda.

Serik Jumangarin o‘zbekistonlik hamkasbi — bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev bilan davlat rahbarlarining topshiriqlari asosida “yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishini ma’lum qildi. Hozirda bir qator yangi tashabbuslar, jumladan, neftni qayta ishlash, neft-kimyo sanoatida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

12-dekabr kuni Bojxona qo‘mitasi Toshkent viloyati boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ta’mirlash uchun 5-fevraldan yopilgan G‘ishtko‘prik chegara-bojxona posti qayta ochilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyevning Spot’ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston o‘z hududidagi nazorat-o‘tkazish punktini modernizatsiya qilishni yakunlagan va Qozog‘iston tomonidan qurilish ishlari yakunlanishini kutmoqda.

Jibek joli punktining umumiy maydoni 10 ming kv.metr bo‘lgan ikkita zamonaviy yo‘lovchi terminali va avtotransport uchun yagona bostirmani o‘z ichiga oladi. Ishlar joriy yilning iyul oyida yakunlanishi kutilayotgan edi.

Avvalroq Spot Qozog‘iston bilan chegaradagi Sirdaryo posti fuqarolar va avtomobillar harakati uchun ochilgani haqida yozgan edi.