Qozog‘iston Senati deputatlari 13-mart kuni O‘zbekiston bilan “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat hamkorlik markazi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni ratifikatsiya qildilar, deya xabar bermoqda “Zakon.kz”.

Markaz Qozog‘iston va O‘zbekiston qismlaridan tashkil topib, har bir qismi o‘z davlati yurisdiksiyasida bo‘ladi. Markaz hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda qulay sharoitlar yaratish, tomonlarning kichik va o‘rta sanoat korxonalarini xalqaro qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiyalashga qaratilgan. Uni Qozog‘iston tomonidan Savdo va integratsiya vazirligi, O‘zbekiston tomonidan esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqaradi.

Ikki davlat chegarasining ikki tomonida joylashuvchi markazning umumiy maydoni 100 gektar — har bir tomon 50 gektarni tashkil etadi.

Senator Alisher Satvaldiyevning ta’kidlashicha, markaz ishlab chiqarish maydonlari, omborxonalar va transport infratuzilmasidan iborat bo‘ladi. Bu yuk tashishni tezlashtirib, logistika xarajatlarini kamaytiradi.

Shu bilan birga, ta’minot zanjiridagi ishtirokchilar sonini qisqartirish, yakuniy iste’molchi uchun mahsulot narxini pasaytirish va yetkazib berish samaradorligini oshirish imkonini beradi.

“Turkiston viloyati o‘tkazgan ochiq tanlov natijasida Trans Continental Logistic Gr kompaniyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investor sifatida belgilandi. Investor markazning ichki va tashqi infratuzilmasiga mablag‘ yo‘naltiradi. Dastlabki baholarga ko‘ra, zarur sarmoyalar taxminan 27 mlrd tengeni ($53 mln) tashkil etishi kutilmoqda”, — dedi Satvaldiyev.

Hozirgi kunda investor markazni zarur infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqmoqda. Texnik ishga tushirish 2026-yilning to‘rtinchi choragida, rasmiy ochilish esa 2027-yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Senator Gennadiy Shipovskixning qo‘shimcha qilishicha, loyiha doirasida 5,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi va 2032-yilgacha 50 mlrd tengedan ortiq ($99 mln) investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan.

Sanoat kooperatsiyasi markazining tashkil etilishi

O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonidan imzolangan bitim bilan markaz vazifalari sifatida quyidagilar belgilangan:

  • davlatlararo hamkorlik aloqalari va xalqaro qiymat zanjirlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
  • chegara hududlari ishlab chiqarish bazasidan foydalanish samaradorligini oshirish;
  • markazdagi ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, modernizatsiya qilish va sanoat korxonalarini raqobatbardoshligini oshirish.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasida sanoat hamkorligini kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish vazifalarini bajaradi.

“Markaziy Osiyo” transchegaraviy sanoat kooperatsiyasi markazi loyihasi 2021-yilning dekabrida e’lon qilingandi. Biroz vaqt o‘tgach, Qozog‘iston Savdo vazirligi uning asosiy maqsadi qo‘shma sanoat tashabbuslarini amalga oshirish ekanligini qayd etdi.

Joriy yilning yanvarida ikki mamlakat bu markazni tashkil etish va foydalanishga topshirishni tezlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga kelishdi. Fevralga kelib, markaz qurilishi avgustdan boshlanishi ma’lum bo‘ldi.

Markaz Turkiston va Sirdaryo tumanlarida qariyb 100 gektar maydonda tashkil etilib, 2030-yilgacha majmua to‘liq ishga tushiriladi. Unda yopiq majmua qurilib, ishlab chiqarish va ulgurji savdo uchun qulay sharoitlar yaratiladi.

Markazda ishlab chiqarilgan mahsulotlar har ikki davlat bozorlari hamda uchinchi mamlakatlarga ham eksport qilinadi. Natijada, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi $10 mlrdga yetishi kutilmoqda.

2023-yilning noyabrida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi bitim imzolangandi. 2024-yilning avgustiga kelib, O‘zbekiston prezidenti qarori bilan hujjat tasdiqlandi.


Avvalroq “Spot” Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarada savdo markazini tashkil etishi haqida yozgandi. Mamlakat 2026-yilgacha qo‘shni davlatlar bilan beshta chegara savdo xabini qurishni rejalashtirmoqda.