Qozog‘iston hukumati 2026-yilgacha qo‘shni davlatlar bilan beshta chegara savdo markazini qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat Savdo va integratsiya vazirligi matbuot xizmatiga tayanib “TASS” xabar berdi.

Xususan, Qirg‘iziston bilan chegaradosh Jambil viloyatida sanoat savdo-logistika majmuasi tashkil etiladi.

Turkiston viloyatida esa O‘zbekiston bilan chegaradosh yerda “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi ochiladi.

Shuningdek, G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida Rossiya bilan chegarada “Yevrosiyo” transchegaraviy savdo markazini qurish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Mang‘istau viloyatida “Kaspiy tugun” konteyner xabi, Xitoy bilan chegarada esa “Xorgos tugun” chegara majmuasi barpo etiladi.

Savdo-logistika markazlarining faoliyati tovarni xalqaro taqsimlash tizimlarida saqlash, qayta ishlash, yangi tovarlar ishlab chiqarish va ularni keyinchalik realizatsiya qilish bo‘yicha sanoat kooperatsiyasini ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, qisqa muddatli saqlash, logistika, savdo maydonlarini ijaraga olish, sotishdan oldin tayyorlash, tovarlarni ulgurji partiyalar bo‘yicha birlashtirish va qayta taqsimlash, yuklash va tushirish, transkontinental yuk tashishni rivojlantirish xizmatlarini ko‘rsatadi.

Xablar Qozog‘iston mintaqalaridagi korxonalarning eksport salohiyatini qamrab oladi, deya keltirilgan xabarda.

Qayd etilishicha, chegaradosh hududlarda infratuzilma komplekslarini rivojlantirish sanoat kooperatsiyasini amalga oshirish uchun sharoit yaratadi.

Bu ta’minot zanjiri ishtirokchilari sonini qisqartiradi, yakuniy iste’molchi uchun mahsulot tannarxini pasaytiradi va ishlab chiqarish tezligini oshiradi.

Qo‘shni davlatlar ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishni rag‘batlantirishi keltirilgan.


Avvalroq, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegara nazoratini yengillashtirishga kelishib olgandi.