O‘zbekiston Qozog‘iston bilan o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etishga qo‘shma ishchi guruh tuzadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Laziz Qudratov va Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolangan sarmoyaviy bitimlar va savdo shartnomalarini amalga oshirish “Yo‘l xaritasi” bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish istiqbollari va joriy loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

So‘nggi 6 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 2,5 barobar oshib, 2023-yilda $4,6 mlrddan ortiqni tashkil etdi. Foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud bo‘lib, tomonlar yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini $10 mlrdga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga kelishdi.

Xususan, o‘zaro savdodagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma Ishchi guruh tuzish masalasi kelishib olindi.

Shuningdek, ikki mamlakat bozorlarida keng turdagi tovarlarni sotish uchun onlayn savdo maydonchasini o‘z ichiga olgan “UzKazTrade” qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

“Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyatini tashkil etishning amaliy jihatlaridan kelib chiqib, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha konstruktiv fikr almashildi. Markazni tashkil etish va foydalanishga topshirishni tezlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga kelishildi.

Bundan tashqari, tomonlar yakunda ikki tomonlama keng munosabatlarni yanada rivojlantirish tarafdori ekanliklarini tasdiqlab, erishilgan kelishuvlarni tezroq amalga oshirish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga topshiriqlar berdi.

2023-yilning noyabrida Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarada yuk tashish hajmini oshirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.