Navoiyuran davlat korxonasi 2025-yil uchun auditdan o‘tkazilmagan dastlabki natijalarni e’lon qildi, ular bilan Spot tanishdi.
To‘liq moliyaviy hisobot va mustaqil auditorlar hisoboti joriy yilning may oyida e’lon qilinadi.
O‘tgan yili kompaniya daromadi 20,2% ga oshib, $1,12 mlrdga yetdi. Tuzatilgan EBITDA $624 mlnga (2024-yilga nisbatan +2,4%), tuzatilgan sof foyda esa $472 mlnga (+0,21%) yetdi.
Kapital xarajatlar (CAPEX) $551 mlnni tashkil etdi. Shundan $322 mln konni o‘zlashtirishga, $162 mln asosiy vositalarni (PPE) xarid qilishga, $67 mln esa qidiruv va baholash ishlariga sarflandi. Erkin pul oqimi 59,7% ga o‘sib, $288 mlndan $460 mlnga yetdi.
Jami naqd pul xarajatlari (TCC) bir funt uran konsentrati (U₃O₈) uchun $27 ni, jami ta’minlovchi naqd pul xarajatlari (AISC) esa bir funt U₃O₈ uchun $35 ni tashkil qildi. Sof qarz miqdori $72 mlnga teng, sof qarzning EBITDAga nisbati esa 0,12x ni tashkil etadi.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, uran ishlab chiqarish hajmi 35% ga — 5200 tonnadan 7000 tonnagacha oshdi. Uranning o‘rtacha sotish narxi bir funt U₃O₈ uchun $69,5 ni tashkil etdi.
Uran zaxiralari (JORC kodi bo‘yicha) 2024-yildagi 63,4 ming tonnadan 2025-yilda 96,6 ming tonnaga (+52%) oshdi. Mineral resurslar 52,2 ming tonnadan 53,9 ming tonnaga (+3%) oshdi.
Navoiyuranning strategik yo‘nalishlari:
- faol geologik qidiruv va aktivlarni rivojlantirish hisobiga kompaniyaning mineral-xomashyo bazasini kengaytirishni davom ettirish;
- yangi konlarni, shu jumladan Qizilko‘k va Arnasoyni o‘zlashtirish, shuningdek kislorodli va karbonatli tanlab eritmaga o‘tkazish texnologiyalarini joriy etish;
- xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va sohaning global ishtirokchilari bilan faol hamkorlik qilish.
“Ishlab chiqarish hajmini rivojlantirish va oshirishga, zamonaviy qazib olish texnologiyalarini qo‘llash orqali ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan e’tiborimiz yuqori moliyaviy natijalarni ta’minlaydi va tabiiy uranga o‘sib borayotgan talabni qondirishga qaratilgan keyingi o‘sish uchun mustahkam zamin yaratadi. Global talabning o‘sishi davom etayotgan bir paytda Navoiyuran” tabiiy uranning yuqori samarali va ishonchli yetkazib beruvchisi sifatida yetakchi mavqeini mustahkamlamoqda. Bizning ustuvor vazifalarimiz — aktivlarni rivojlantirish, zaxiralarni ko‘paytirish, eng yaxshi zamonaviy qazib olish texnologiyalarini qo‘llash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdir"б — dedi “Navoiyuran” bosh direktori Jamol Fayzullayev.
Istiqbolda Navoiyuran shakllangan operatsion baza va sohaning xalqaro ishtirokchilari bilan uzoq muddatli hamkorlik aloqalariga tayanib, barqaror qazib olish va daromad ko‘rsatkichlarini saqlab qolishni kutmoqda.
Kompaniya mineral xomashyo bazasini kengaytirish, Qizilko‘k va Arnasoyni o‘z ichiga olgan asosiy rivojlanish loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, operatsion faoliyat samaradorligi va barqarorligini oshirish uchun yangi avlod tanlab eritish texnologiyalarini joriy etishga ustuvor ahamiyat berishni davom ettirish niyatida.
Bundan tashqari, davlat korxonasi o‘zining ESG strategiyasiga sodiqligini saqlab qolmoqda, shu jumladan uzoq muddatli dekarbonizatsiya maqsadlariga erishish bilan bog‘liq tashabbuslarga qo‘shimcha sarmoya kiritmoqda.
Joriy yilda Jizzax viloyatidagi Arnasoy, Navoiy viloyatidagi G‘arbiy Qizilko‘k, Janubiy Jongeldi va Samarqand viloyatidagi Sharqiy Agron konlarini o‘zlashtirish ishlari boshlanadi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston 2027-yilda uranni boyitish va ishlab chiqarish uchun Rossiyaga yuborishi haqida yozgandi.