1−2 aprel kunlari Toshkentda Academy for Women Entrepreneurs (AWE 3.0) uchinchi mavsumining finali bo‘lib o‘tdi. Qoraqalpog‘istondan kelgan 30 nafar ayol besh oy davomida o‘z g‘oyalarini mustahkam biznes-keyslarga aylantirib, ekspertlarga taqdim etdilar.

AWE — AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi xalqaro loyihasi hisoblanadi. Barcha operatsion jarayonlarni Tech4Impact jamoasi olib boradi, OSON fintex-xoldingi esa bosh hamkor va homiy sifatida tashabbusni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni o‘z zimmasiga oldi.

Hamkorlik natijasida tadbirkor ayollar jahon tajribalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lib, mentorlar bilan ishladi va o‘z biznes modellarini takomillashtirdi. Ishtirokchilarga dasturdan keyingi imkoniyatlar — ta’lim olish, boshqa tashabbuslarda qatnashish va biznesni rivojlantirish vositalari haqida alohida ma’lumot berildi.

Final bosqichi ikki kun davom etdi. Ishtirokchilar o‘z loyihalarini taqdim etib, natijalari bilan o‘rtoqlashdilar va dastur davomida bizneslari qanday o‘zgargani haqida so‘zlab berdilar.
Chiqishlarni OSON, AQSH elchixonasi va Tech4Impact vakillaridan iborat hakamlar hay’ati baholadi. Asosiy e’tibor biznesning o‘sishi, ishtirokchilarning shaxsiy rivojlanishi, kelgusi qadamlarni aniq tushunishga qaratildi.

Dastur doirasida tadbirkorlik bo‘yicha sessiyalar ham o‘tkazildi. Ulardan birini DeVry University doktori Paula Xerring olib bordi — unda bozor chegaralari yo‘qolib, iqtisodiyot globallashayotgan davrda biznesni qanday rivojlantirish kerakligi muhokama qilindi.

Uchrashuv taqdirlash marosimi bilan yakunlandi. Sertifikatlarni AQSH elchisi Jonatan Xenik, OSON asoschisi va rahbari Farhod Mahmudov hamda Tech4Impact direktori Saida Yusupova topshirdilar. Eng istiqbolli deb topilgan oltita loyiha alohida e’tirof etildi.

Dasturning besh oyi ishtirokchilarga yangi bosqichga chiqishga yordam berdi. Olingan bilimlar va hamjamiyat qo‘llovi bilan tadbirkor ayollar o‘zlarining mahalliy loyihalarini O‘zbekiston bozorining ko‘zga ko‘ringan ishtirokchilariga aylantirishga tayyor.
Reklama huquqlari asosida.