Toshkentda uy-joy narxlari hududlarga qarab 1,6 baravargacha farq qilishi mumkin. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yil to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha tahlilida keltirilgan.
Ko‘chmas mulk bozoridagi dinamikani tahlil qilishda regulyator bir nechta omillarni e’tiborga oldi. Joylashuvidan tashqari, ular qatoriga uy qurilgan qurilish materiallari (panel, g‘isht, monolit), shuningdek, ta’mir holati, qavatlar soni va maydoni kiritilgan.
Tumanlar o‘rtasida taqqoslash uchun Markaziy bank bazaviy hudud sifatida Olmazor tumanini olgan. Unga nisbatan Mirobod tumanida kvadrat metr narxi o‘rtacha 23,7% yuqori bo‘lgan.
Eng arzon hudud — Bektemir tumanida esa uy-joy narxlari Olmazorga nisbatan 24,4% past. Natijada eng qimmat va eng arzon hududlar o‘rtasidagi farq 1,6 barobar (123,7 / 75,6) ni tashkil etadi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda Yunusobod tumanida uy-joylarga talab oshgani qayd etilgan. Agar 2022-yilda narxlar farqi 5% atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yil oxiriga kelib bu ko‘rsatkich 10% ga yetgan.
Yangi qurilgan uylar narxi ikkilamchi bozordagilarga nisbatan o‘rtacha 3% qimmatroq shakllandi. Uch yil avval esa aksincha, ikkilamchi uylar 3−6% yuqori baholangan edi.
G‘ishtli uylar panel uylariga nisbatan 3−6% qimmatroq baholanadi. So‘nggi paytlarda monolitdan qurilgan uylar narxining tezroq o‘sayotgani ham kuzatilmoqda.
Ta’mirlanganlik holati ham uy-joy bozori uchun yana bir muhim omil hisoblanadi: yangi ta’mirlangan xonadonlar o‘rtacha 7−8% qimmatroq sotilmoqda.
Xonadonning har bir qo‘shimcha kvadrat metri o‘rtacha narxni 0,1% ga pasaytiradi. Narxga balandlik ham ta’sir qiladi: har bir qavat yuqorilagan sari kvadrat metr narxi boshqa omillarga qarab 0,2−0,9% ga pasayadi. Eng arzon kvartiralar odatda birinchi yoki eng yuqori qavatlarda joylashadi.
Avvalroq Spot Urbanizatsiya va uy-joy bozori qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev renovatsiyaga rozilik chegarasi 80% gacha pasaytirilganiga izoh bergani haqida yozgan edi.