Farg‘ona viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida bo‘lib, qator investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi, deb xabar beradi UzA.
Viloyat hokimi Sh.G‘aniyev boshchiligidagi delegatsiya uch kun davomida Koreya Respublikasining Seul, Incheon, Kvanju, Xvasong va Pxochxon shaharlari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar natijasida Farg‘ona viloyati va «Incheon» erkin iqtisodiy zonasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Janubiy Koreyaning «Korea Heating Corporation» kompaniyasi prezidenti bilan o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat shaharlarida isitish tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borishga kelishib olindi.
Xabarda keltirilishicha, Farg‘ona shahrida to‘rt yulduzli mehmonxona va zamonaviy ko‘p qavatli turar joy majmualarini loyihalash va qurish bo‘yicha «Chung Construction Design Group» kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar yakunida tegishli memorandum imzolangan.
Muzokaralar natijasida quyidagi loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan:
- «Doori Enginering» kompaniyasi bilan Farg‘ona tumanidagi «Bahodir Agrosanoat» MCHJ o‘rtasida imzolangan kelishuvga ko‘ra, 50 gektar maydonda gidroponika usulida issiqxona tashkil etilib, yetishtirilgan mahsulotni Janubiy Koreyaga eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi;
- Crechiko" kompaniyasi tomonidan Farg‘onada yirik parrandachilik kompleksi tashkil etish hisobidan yiliga 10 ming tonna tovuq go‘shti ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi;
- «Taeho Machinery» kompaniyasi bilan Farg‘ona tumanidagi «Bahodir Log‘on tekstil» qo‘shma korxonasi o‘rtasida imzolangan bitimga asosan trikotaj ishlab chiqarish liniyasi tashkil etish va tayyor mahsulotlarning Janubiy Koreyaga eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha shartnoma tuzildi;
- «UKO Global Light» kompaniyasi bilan imzolangan memorandumga ko‘ra, Farg‘ona shahrida chiqindini qayta ishlash va undan energiya ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi.