Yengil avtotransport oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) ishlari “Innovatsion loyihalar va aholiga servis xizmat ko‘rsatish markazi” DUK tomonidan amalga oshiriladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining qarorida keltirilgan.

Avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsatnoma berish, uni ro‘yxatga olish va ruxsatnomaning amal qilinishini bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Yengil avtotranspot vositalari oynalari tusini berilgan ruxsatnomaga asosan:

  • Orqa oynasining yorug’lik o’tkazuvchanligi 5%dan;
  • Orqa yon oynalarining yorug’lik o’tkazuvchanligi 30%dan kam bo’lmagan darajagacha qoraytirilishi mumkin.

Oynalarni ko’zgusimon tusda o’zgartirishga ruxsat etilmaydi.

Yengil avtotransport vositalari old oynasining tepa qismi tusini eni 14 sm dan ko’p bo’lmagan va yorug’lik o’tkazuvchanligi 30%dan kam bo’lmagan polosa shaklida o’zgartirishga ruhsatnoma olish talab etilmaydi :

  • avtomobil egasi tomonidan mustaqil ravishda;
  • ish bajaruvchi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Ruxsatnoma 1 yil muddatga beriladi, egasi uni amal qilish muddati tugashidan oldin foydalanishdan voz kechgan taqdirda, to‘lovning qolgan qismi qaytarilmaydi.

Shuningdek, Nizom bilan ruxsatnomani qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish, dublikatini berish tartiblari belgilandi.

Avtomobil oynalarini qoraytirish, ruxsatnoma berish va ularning hisobini yuritish bilan havola orqali tanishish mumkin.

Shuningdek, ruxsatnoma olish uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlar va hujjatlar namunasi Ichki ishlar vazirligining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Ilgari Spot Toshkentda 3 kun ichida 45 ta avtomobil oynasini qoraytirishga ruxsat berilani, hamda avtomobil oynasini qoraytirishga ruxsatnoma berish va o’zgartirish stavkalari haqida ma’lumot bergan edi.