Joriy yilning 15 sentyabr sanasidan boshlab UzCard chakana to‘lov tizimida dasturiy ta’minot buzilishi kuzatildi, deb yozadi bank matbuot xizmati.

Natijada bank kartalari bo‘yicha barcha turdagi to‘lov operatsiyalari, shu jumladan savdo terminali orqali to‘lovlarni qabul qilish va bankomatlardan naqd pul olish operatsiyalari to‘xtatildi.

Markaziy bank mutaxassislari dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda UzCard chakana to‘lov tizimini qayta tiklash uchun ko‘mak berishmoqda.

Hozirda tizimni tiklash ishlarining birinchi bosqichi yakunlandi, ya’ni to‘lov kartalari bo‘yicha qoldiqlar bazasi tiklandi. Ikkinchi bosqich — to‘lov terminallari ishini qayta tiklash kun davomida amalga oshiriladi.

“Fuqarolar o‘zlariga zarur bo‘lgan pul mablag‘larini olish uchun ularga xizmat ko‘rsatadigan banklarga murojaat qilishlari mumkin. Bank kartasi ochilgan bank filialiga murojaat qilish zarurligiga e’tibor qaratish lozim (terminallar ishi tiklanganidan so‘ng har qanday bank filialiga murojaat qilsa bo‘ladi)”, deyiladi xabarda.

Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda mamlakatning barcha hududlarida banklarning bo’limlarini zarur miqdordagi naqd pul bilan ta’minlash ishlarini olib boryapti.

Markaziy bank bu hodisani bee’tibor qoldirmaydi. Qonunchilikka Markaziy bankning barqaror ishlashini ta’minlash uchun chakana to‘lov tizimlarining faoliyatini nazorat qilish va tartibga solish bo‘yicha huquq va majburiyatlarini ta’minlaydigan o‘zgarishlar kiritiladi.