Prezidentning “Milliy to‘lov tizimini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Hujjatda keltirilishicha, to‘lov tizimlarini rivojlantirish, ularning uzluksiz ishlashini ta’minlash va raqobat muhitini rivojlantirish uchun zamonaviy texnologik yechimlarni joriy qilish borasida qator kamchiliklar mavjud.

Xususan, chakana to‘lovlarni qayta ishlash bo‘yicha davlat protsessing markazining mavjud emasligi milliy to‘lov tizimining xavfsizligi darajasini kamaytirmoqda, to‘lov infratuzilmasining yagona integrallashuviga erishish imkonini bermayapti hamda bir monopol tizimning mutlaq ustun bo‘lishiga olib kelmoqda.

Bundan tashqari, to‘lov tizimlari operatorlarining faoliyati qonunchilik darajasida tartibga solinmaganligi ularning rivojlanishini cheklamoqda va mazkur tizimlarning ishonchli ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Hujjatga ko‘ra:

“O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Axborotlashtirish bosh markazi” davlat unitar korxonasi Milliy banklararo protsessing markazi (keyingi o‘rinlarda Milliy banklararo protsessing markazi deb yuritiladi) tashkil qilinadi.

Milliy banklararo protsessing markazi yaratiladi


Markaziy bankga quyidagilarni ta’minlash yuklatildi:

  • 2019 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Milliy banklararo protsessing markazi, banklararo to‘lov tizimi va kliring markazining faoliyat yuritishi uchun ma’lumotlarni qayta ishlovchi to‘laqonli markaz yaratilishini;
  • 2020 yil 1 yanvarga qadar mahalliy va xalqaro bank kartalari bo‘yicha hisob-kitoblarda ishtirok etuvchi banklar o‘rtasida axborot va texnologik aloqa o‘rnatishga ko‘maklashuvchi Milliy banklararo protsessing markazi ishga tushirilishini;
  • 2020 yil 1 iyulga qadar mamlakatdagi barcha protsessing markazlarining, shu jumladan, xalqaro to‘lov tizimlarining bevosita Milliy banklararo protsessing markazining yagona shlyuzi orqali ishlashini;
  • bank to‘lov infratuzilmasi doimiy ravishda yaxshilanishini, bankomatlar va o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p funksiyali terminallar tarmog‘ining, shu jumladan, o‘z tasarrufidagi korxona va tashkilotlarni jalb qilgan holda kengaytirilishini ta’minlaydi.

Chakana to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish uchun bank tariflari banklar xarajatlari qoplanishini ta’minlash va raqobatga ko‘maklashish uchun ma’muriy aralashuvlarsiz xalqaro tajribaga muvofiq o‘rnatilishi belgilanadi.

“To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi

Markaziy bank 2019 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan muddatda xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini, shuningdek, umume’tirof etilgan xalqaro norma va qoidalarni chuqur o‘rganish asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi qonuni loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi:

  • milliy to‘lov tizimining huquqiy va tashkiliy asoslari;
  • Markaziy bank tomonidan to‘lov xizmatlari bozorini tartibga solishni nazorat qilish, shuningdek, milliy to‘lov tizimi sub’ektlarini litsenziyalash tartibi;
  • to‘lov tizimlarida bank siri himoyasini ta’minlash xususiyatlari;
  • elektron pullar bilan operatsiyalarni amalga oshirish sohasida huquqiy munosabatlarni tartibga solish, shu jumladan, elektron hamyonlar egalarini identifikatsiya qilish tartibi.