Prezidentning Hindiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi AKT sohasida Hindistonlik hamkorlar bilan bir qator shartnomalarni imzoladi.

Xususan, texnoparklarni rivojlantirish, AKT sohasida kadrlarni tayyorlash, elektron hukumatni rivojlantirish, tinchlik maqsadlarida kosmik tadqiqotlar va boshqalar kabi qator shartnomalar imzolandi.

Joriy yildan boshlab kosmik texnologiyalarni rivojlantirish va kosmosdan tinchlik maqsadlarida foydalanish AKT vazirligi faoliyatining yangi yo’nalishi hisoblanadi.

Tashrif chog’ida O’zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati o’rtasida tinchlik maqsadlarida kosmikdan foydalanish sohasida hamkorlik to’g’risida bitim imzolandi.

Kelishuvga ko‘ra, AKT vazirligi va Hindiston kosmik tadqiqotlari tashkiloti (ISRO) bu sohada hamkorlik qilishadi.

Ikki tomonlama kelishuvlarning muvaffaqiyatli va samarali amalga oshirilishini ta’minlash uchun yo’l xaritalari ishlab chiqildi.

Hindiston kosmik tadqiqotlari tashkiloti (ISRO) Hindiston milliy kosmik agentligi bo’lib, Hindistonning Kosmik tadqiqotlar departamentiga qarashlidir. Tashkilotning shtab-kvartirasi Bangalorda joylashgan bo’lib, unda taxminan 20 ming kishi mehnat qiladi.