O`zbekiston prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi arafasida, 5 oktyabr kuni Parijda o`tkazilgan O`zbek-fransuz biznes forumida O`zmilliybank va “Buig” kompaniyasi turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo`yicha 100 million yevrolik bitimni imzolashdi. Bu haqda bank saytida ma’lumot berildi.

Bitim davlat rahbari tashabbusi asosida qabul qilingan “Buxoro shahri va viloyatining 2017 — 2019 yillar davomida turizm salohiyatini jadal rivojlantirish dasturi"ga asosan “Qadimiy Buxoro” turizm hududini qurishni o`z ichiga oladi.

Loyiha 10 gektar hududda mehmonxonalar, savdo-ko`ngilochar markazi, restoranlar, sara uy kompleksi, landshaft bog`larini barpo qilishni nazarda tutadi.

Bitim doirasida “Buig” kompaniyasi loyihalashtirish va qurilishdan tashqari, bu yo`nalishdagi loyihalarni amalga oshirish uchun yangi investorlarni izlash va qurilgan obyektlarni boshqarishda ko`maklashadi.

“Buig” kompaniyasi O`zbekistonning boshqa turizm shaharlarida mehmonxonalar va kurortlar tizimi loyihalarini bosqichma-bosqich amalga oshirishni rejalashtirgan.

Bouygues Batiment International SAS (Buig Batiman Internasional SAS) — Fransiyaning 1952 yilda tashkil qilingan yirik qurilish kompaniyalaridan biridir. Buig kompaniyasi barpo qilgan inshootlar orasida — La-Mansh ostidagi tonnel, Defans arkasi, Sharl de Goll nomidagi aeroportning 2-terminali, avtostradalar va boshqa obyektlar bor. Kompaniya kapitali 25 mlrd. evroga teng, hodimlari soni 133 mingdan ortiq.