“Expat Explorer"ning 2018 yilgi so‘rovnomasi ma’lumotlariga ko‘ra, Singapur ekspatlar uchun eng yaxshi mamlakat sifatida e’tirof etildi, deb ma’lum qildi “Bloomberg”.

Ta’kidlanishicha, reytingda nafaqat daromadlar darajasi, balki hayot kechirish sifati ham hisobga olingan. Ko‘rsatkichlar nisbati bo‘yicha shahar-davlat ro‘yxatda to‘rtinchi bor yetakchilik qilayotgani “RIA” axborot agentligining e’tiborini tortdi.

Undan keyingi o‘rinda Yangi Zelandiya turibdi, uchinchi o‘rinni Germaniya band qilgan. Shuningdek, Kanada va Bahrayn ham beshtalikdan joy olishdi.

Agentlik, shuningdek, ekspatlarga eng yuqori ish haqi to‘lovchi mamlakatlar ro‘yxatini ham keltirdi. Birinchi o‘rinda Shvetsariya turibdi (yiliga 202 ming $). Uning ketidan AQSH (185,1 ming $), Gonkong (178,7 ming $) va Xitoy (172,7 ming $) mamlakatlari ko‘rsatilgan.

Shuningdek, so‘rovnoma ishtirokchilarining 45%i o‘z vatanidagi ish haqiga qiyoslaganda ancha ko‘p miqdorda maosh olishni boshlashganini qayd etishgan. Ekspat ko‘chib kelgandan keyin o‘rtacha holatlarda yiliga 21 ming $ qo‘shimcha daromad ola boshlaganlar.

Ekspatlar (ekspatriant) — chet ellik ishchi yoki korxonaning chet elda ishlaydigan xodimi.