“Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishning huquqiy va institutsional bazasini yaratish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarori e’lon qilindi.
Qarorga muvofiq O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik sohasida yagona davlat siyosatini yuritish bo‘yicha maxsus vakolatli organ hisoblangan Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Agentlikning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning ustuvor yo‘nalishlarida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
- davlat-xususiy sheriklik loyihalarining samaradorligi va afzalliklarini baholash uslubini ishlab chiqish, ushbu loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
- davlat-xususiy sheriklik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda idoralararo muvofiqlashtirishni ta’minlash, shuningdek, loyihalar to‘g‘risidagi axborotni ochiq holda joylashtirish va ularning reyestrini yuritish;
- davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, shu jumladan, muayyan loyihalar konsepsiyalarini ishlab chiqishda vazirlik va idoralarga ko‘maklashish;
- davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish masalalarida investorlar, xalqaro moliya va donor tashkilotlari, ilmiy va ekspert hamjamiyatlari, shuningdek, bozorning boshqa ishtirokchilari bilan hamkorlikni tashkil etish;
- davlat-xususiy sheriklik loyihalari ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama ko‘maklashish, loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlari, shu jumladan, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tavakkalchiliklarni aniqlash va taqsimlash yuzasidan ularning takliflarini ko‘rib chiqish;
- davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, shu jumladan, loyihalarga jalb qilingan byudjet tizimi mablag‘laridan foydalanilishini, shuningdek, tegishli tarmoqlardagi xalqaro tajribani inobatga olgan holda loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish amaliyotini monitoring qilish.
Davlat tashkilotlariga (xo‘jalik boshqaruvi organlariga ham) zarur hollarda, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo‘linmalarni tashkil etish vazifasi yuklandi.