Rossiya prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida ilk bor “O‘zbekiston-Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi o‘tkazildi.

Forum doirasida “O‘zeltexsanoat” AK va Rossiya kompaniyalari o‘rtasida 4 ta kelishuv hamda kompaniya tarkibiga kiruvchi korxonalar o‘rtasida kabel-o‘tkazgich mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha umumiy qiymati 10 mln dollarlik shartnoma imzolandi.

Dastavval Rossiyaning “Cheboksar elektroapparat zavodi” AJ bilan “O‘zbekiston Respublikasida yuqori kuchlanishli o‘zgaruvchan chastotali o‘tkazgichhamda yuqori voltli elektr dvigatellarni yengil ishga tushirish qurilmalari ishlab chiqarishni tashkil qilish” loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, “Meditsinskiye texnologii Ltd” AJ hamda “S.P.Gelpik” MCHJ bilan “O‘zbekiston Respublikasida yuqori texnologiyali raqamli tibbiy rentgen diagnostika asbob-uskunalarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish”, “Nura Invest” MCHJ bilan “Akkumlyator batareyalar ishlab chiqarishni tashkil etish”, shuningdek “Indastrial Xolding” MCHJ bilan “O‘zbekiston Respublikasida zamonaviy kabel va sim mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihalari doirasida ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.