Janubiy Koreyaning Tegu shahrida nishonlangan Koreya texnoparklarining 20 yilligi xalqaro konferensiyasi bo’lib o’tdi. Xalqaro konferensiyada O‘zbekistondan to‘qqiz, xususan, viloyatimizdan ikki vakil ishtirok etdik, deb yozadi Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Joriy yilning iyul oyida Koreya Respublikasi texnoparklari uyushmasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida qator shartlashuvlar imzolanishiga erishilgan.

Koreya texnoparklari uyushmasi bilan hamkorlik to‘g‘risidagi hujjat mahalliy bozorda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ekotizimlar startapini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli strategik hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha taraflarning o‘zaro rejalarini aks ettiradi.

Xabarga ko’ra, hamkorlik doirasida viloyatda 4 ta texnopark tashkil etiladi: Namangan IT texnoparki, Namangan tekstiltexnoparki, Chortoq agro va kosmetika texnoparki, Kosonsoy tibbiyot texnoparki.

Shuningdek, texnoparklarning tashkil etilishi bilan aholini biznes bo‘yicha qiziqishlari va bilimlarini oshirish, har bir tumanda innovatsion biznes markazlari tashkil etish va zamonaviy biznes tashkil qilishga o‘rgatish yo‘lga qo‘yiladi.

“Chortoq tumanida urug‘chilik va ko‘chatchilikka ixtisoslashgan agro texnopark tashkil etish bo‘yicha Kyonbuk texnoparki va Chonbuk texnoparki bilan aloqa bog‘landi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, investor bilan qulupnay, qovun, tarvuz va boshqa sabzavotlar ko‘chatchiligi uchun laboratoriya tashkil etiladi.