Toshkentda Markaziy Osiyodagi ilk GIST startap treningi o’tkazildi. Trening Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Venture Well (AQSH) kompaniyasi va C.A.T.Science Accelerator (Ilg‘or texnologiyalar markazi) tomonidan AQSH elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Dasturda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikistondan 25 ta startap-jamoalar ishtirok etdi.

Finalga chiqqan yetti jamoa ichidan uchta jamoa tanlab olinib, ular 1 ming $ dan 3 ming $ gacha bo‘lgan pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Birinchi o‘rinni o‘zbekistonlik yosh kimyogarlar Mardonali Mirzaliyev va Sherozbek Dolimov taqdim etgan “O‘zbekistonda pektin ishlab chiqarish” loyihasi qo‘lga kiritdi.

“Pektin oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llaniladigan tabiiy qo‘shimcha bo‘lib, undan qandolatchilikda, farmakologiya sohalarida ham foydalaniladi. Pektin mevalardan, jumladan serquyosh yurtimizda juda ko‘p yetishtiriladigan olmadan olinadi. Ammo shu paytgacha O‘zbekistonga bu mahsulot xorijiy davlatlardan olib kelinmoqda. Bu aslida juda taajjubli hol, lekin bozorni o‘rganarkanmiz, birorta mahalliy pektin ishlab chiqaruvchini topolmadik. Shu bois ham biz bu mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘ymoqchimiz”, — deydi Sherzodbek Dolimov.

Ikkinchi o‘rin tojikistonlik yosh tadqiqotchilarning Easy Silk Road deb nomlangan startapiga berildi. Bu sayyohlar uchun ilova bo‘lib, u yerda sayyohlik marshrutlari, jumladan xavfli hududlar haqida muhim ma’lumotlar beriladi.

Uchinchi o‘rinni esa o‘zbekistonlik yoshlar tomonidan yaratilgan chakana savdoning xarajatlarini kamaytirishga yordam beradigan Fastago loyihasi hamda chiqindilarni kamayishiga va ularni qayta ishlashga qaratilgan qirg‘izistonlik tadbirkor-ixtirochilar yaratgan loyiha egalladi.