Prezidentning qarori bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi-davlatlarining intellektual mulk bozorini shakllantirish va rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim (2018 yil 1 iyun, Dushanbe) tasdiqlandi. Bu haqda Norma xabar berdi.

Intellektual mulk agentligi bitim doirasida O‘zbekistonning markaziy vakolatli organi etib belgilandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi va Adliya vazirligi ham xalqaro shartnomani amalga oshirish yuzasidan o‘zlariga taalluqli qismi bo‘yicha mas’ul hisoblanadilar.

Ishtirokchilar hamkorlikni rivojlantirishga ahdlashib olgan asosiy yo‘nalishlar quyidagilardir:

  • sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish;
  • intellektual mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar qiymatini baholash tizimlarini rivojlantirish va ularni boshqarish;
  • huquqlarni tijoratlashtirish davlatlararo mexanizmlarini ishga solish.

Bitim taraflarining birgalikdagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish maqsadida Intellektual mulkni huquqiy jihatdan himoya qilish masalalari bo‘yicha davlatlararo kengash tashkil etildi.