Surxondaryo viloyat hokimligida Tailandning “CTI Group” kompaniyasi ijrochi direktori, O‘zbekistonning Tailand qirolligidagi faxriy elchisi ishonchli vakili Priyet Bubkaram hamda “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining Bankok (Tailand) shahridagi vakili bilan muloqot o‘tkazildi.

O‘tkazilgan muloqotda Tailand sayyohlarini viloyatga jalb etish borasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatish, sayyohlik biznesiga sarmoya kiritish masalalari muhokama etildi.

Priyet Bubkaramning ta’kidlashicha, Tailand aholisining hududida buddizm davriga tegishli ko‘plab yodgorliklar bo‘lgan Surxondaryoga qiziqishi juda yuqori. Ayniqsa, Termizdagi birinchi asrga taalluqli bo‘lgan Fayoztepadagi buddizm ibodatxonasi, uchinchi asrga oid Kampirtepa qal’asi, Zurmala minoralari va boshqa budda madaniyati yodgorliklariga tailandlik sayyohlarning e’tibori o‘zgacha.

Surxondaryoda 504 ta moddiy madaniy meros obyekti ro‘yxatga olingan bo’lib, joriy yilning o‘tgan davrida 23 mingdan ziyod xorijlik va 46 mingga yaqin mahalliy sayyoh tashrif buyurgan.