Koson tumani “Mustaqillik” ko‘chasida yangi innovatsion loyiha asosida “Xavfsiz piyodalar yo‘lakchasi” qurildi, deb yozadi O’zA.

Yo‘lakcha murakkab elektron vositalar bilan jihozlangan. Xususan, ushbu piyodalar yo‘lakchasiga 50 va 30 metr yetmasdan shovqin chiqaruvchi gorizontal polosalar barpo etilgan. Buning uchun yo‘l qoplamasi 0,5 santimetr qalinlikda qirib olinib, sariq rangli ko‘ndalang qoplama qoplangan bo‘lib, ular haydovchining sergakligini oshirish bilan birga yo‘lakchaga yaqinlashayotganidan ogoh etadi.

Shuningdek, maxsus qurilmalar piyoda yo‘lakka kirishi bilan ishga tushib, o‘ta sezgir detektorlar yordamida yo‘lakka piyoda kirayotganligi to‘g‘risidagi ogohlik signalini harakatlanayotgan piyoda tasviri aks etgan yo‘l belgisiga uzatadi. Hamda piyoda yo‘lakchadan o‘tayotganida detektorlar yordamida “piyodalar diqqatiga, eshitish va qo‘l telefonlaridan foydalanmang” deb yo‘lakchadan o‘tayotgan piyodalarni qo‘l telefonidan foydalanmaslikka undaydi.

Bundan tashqari yo‘lakchada uzoqdan ko‘rinib turadigan orgplastik shisha materialdan tayyorlangan vertikal yo‘naltirgich o‘rnatilgan bo‘lib, tunda yorug‘lik tarqatadigan svetodiod ham joylashtirilgan.

Yo‘lning qatnov qismiga chiqish joyida ikkitadan, piyodalar yo‘lakchasida esa 4 tadan vertikal yo‘naltirgich qo‘yilgan. Yashil yoritgichlar piyodalarga yo‘nalishni ko‘rsatadi. Vertikal yo‘naltirgichlar yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan piyodalarga o‘tish nuqtasi haqida axborot beradi.