“Toshkent” Respublika fond birjasi savdolarida 24 ta aksiyadorlik jamiyatining qimmatli qog‘ozlari bilan 195 ta bitim qayd qilinib, 24,5 mln. dona aksiya 18,1 mlrd. so‘mga sotildi.

Qimmatli qog‘ozlar bilan o‘rtacha kunlik savdo aylanmasi hisobot davrida 3,6 mlrd. so‘mni, o‘rtacha bitim qiymati esa 92,8 mln. so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, ushbu davrda sotilgan bir dona aksiyaning o‘rtacha narx ko‘rsatkichi 736,3 so‘mdan iborat bo‘ldi.

Eng faol savdo sessiyasi chorshanba kuni bo‘lib, bunda 11 ta emitentning qimmatli qog‘ozlari bilan 26 ta bitim imzolandi. Natijada o‘tgan hafta savdo aylanmasining 60,9%i shu savdo sessiyasiga to‘g‘ri keldi.

O‘tgan haftada investorlar toifasiga ko‘ra birja savdolarida yuridik shaxslar faolligi kuzatilib, tuzilgan umumiy bitimlar hajmining -53,9%i (9,7 mlrd. so‘m) bitimlar sonining esa — 13,3% i (26 ta bitim) aynan ular hissasiga to‘g‘ri keldi.

Fond birjasida yil boshidan buyon 553,1mlrd. so‘mlik 8839 ta savdo bitimi qayd qilindi. Ushbu davrda birja savdolarida 115 ta aksiyadorlik jamiyatining 8,5 mlrd. dona qimmatli qog‘ozlari sotilgan.