Toshkent shahar hokimligida “Greenworks” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, bugun poytaxt ko‘chalarini obodlashtirishda benzin sarfi bilan ishlaydigan o‘t o‘ruvchi uskunalar katta miqdorni tashkil etadi.

“Ko‘chalarda shovqinlarning sezilarli darajada ortishiga olib kelmoqda. Shuningdek, bu jarayon atrof-muhit, xususan ekologiyaga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Ana shu muammolarni bartaraf etish yuzasidan „Greenworks“ kompaniyasi vakillari shaharni obodonlashtirishga xizmat qiluvchi uskunalar modelini taqdim etishdi”, deyiladi xabarda.

Taqdim etilgan uskunalar orasida trimmerlar, cho‘tkali asboblar, quvvatlanuvchi uskunalar bor.

Muzokaralarda poytaxt hokimligi rahbariyati namoyish etilgan modellardan kelgusida obodonlashtirish ishlarida foydalanishni ta’kidlashdi. Bu o‘z navbatida hududlarni tozalash jarayonida shovqin darajasini kamaytirish orqali shahar aholisi va mehmonlarga qulaylik yaratishni ta’minlaydi.

Greenworks — Shimoliy Karolina shtatida joylashgan xalqaro korporatsiyadir. Barcha ishlab chiqarish obyektlari Xitoyda joylashgan. Kompaniya oyiga qariyb 650 mingga yaqin mahsulotni ishlab chiqaradi, 1000 dan ortiq patentga egalik qiladi.