Xalq ta’limi vazirligi BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda davlat xizmatlari sifatini va shaffofligini oshirish maqsadida bolalarni maktabga qabul qilish jarayonini raqamli transformatsiyasi loyihasini amalga oshirishni boshladi, deb yozadi Vazirlik matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, loyiha maktablarga amaldagi bolalarni qabul jarayoni va uning kamchiliklarini o‘rganish, ma’muriy jarayonlarni takomillashtirish, hamda xizmat ko‘rsatish jarayoniga axborot texnologiyalarini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Ota-onalar va vasiylar bolalarni maktabga joylash jarayonida duch kelayotgan qiyinchiliklar muhokama etildi. Asosiy kamchiliklardan biri bu qabul jarayonining shaffof emasligidir, ya’ni ota-onalarda jarayon haqida, uning muddatlari, kerakli hujjatlar, mikroxududlar sxemalari haqida ma’lumotlari yo‘q.

Ba’zi qabul jarayonlari — suhbat yoki tibbiy ma’lumotnoma — normativ-huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topmagan. Ota-onalar tomonidan taqdim etilishi lozim bo‘lgan arizani qisqa vaqt topshirilishi kerakligi ham savollar uyg‘otadi. Shu bilan birga taqdim etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar sonini qisqartirish kerak.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida loyihaning ishchi guruhi amaldagi bolalarni maktabga qabul qilish jarayonini va xalqaro tajribani o‘rgandi hamda ushbu xizmatni ko‘rsatishning yangi modelini ishlab chiqdi.

“Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul” ma’muriy reglamentiga ko‘ra, 2019 yilning 1 martdan boshlab davlat umumta’lim muassasalariga bolalarni qabul qilish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.

“Birinchi bosqichda yangi qabul modeli Toshkent shahridagi 81 maktabda joriy etiladi. Keyinchalik yangi mexanizm Toshkent va mamlakatimizning barcha viloyat maktablarida ham joriy etiladi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bolalarni maktabga qabul xizmatini raqamlashtirish natijasida qabul uchun amalga oshirish kerak bo‘lgan qadamlar oltitadan to‘rtta qadamgacha qisqaradi. Shu bilan birga taqdim etilishi kerak bo‘lgan hujjatlar kamayadi. Xizmat aholi uchun sodda va qulay bo‘ladi.

Loyiha amalga oshirilishi taqdim etilayotgan xizmat sifatini va ommabopligini, aholining xalq ta’limi tizimiga ishonchining oshishiga, hamda korrupsion omillarni kamaytirishga olib kelishi lozim.