QHTBT portalida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimiga “Xavfsiz uy” konsepsiyasini joriy etish loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma xabar berdi.

Taklif etilayotgan konsepsiya quyidagilarni nazarda tutadi:

  • 2022 yilning 1 yanvarigacha respublikamizning barcha mintaqalarida Toshkentda sinovdan o‘tkazilgan texnik qo‘riqlash va munosabat bildirish punktlarining markazlashtirilgan kuzatuv va xabarlarni uzatish avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish;
  • qo‘riqlanayotgan ob’ektlardagi signal joyiga eng yaqin turganlari imkon qadar tez yetib kelishini ta’minlash mexanizmlarini belgilagan holda qo‘riqlash xizmatining ichki ishlar organlari (bundan keyin — IIO) jamoat tartibini ta’minlash kuchlari patrul guruhlari bilan yaqindan hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
  • eng yangi, shu jumladan transport vositalari va boshqa harakatlanuvchi ob’ektlar qo‘riqlanishini ta’minlash imkonini beradigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda IIOning mol-mulkni qo‘riqlash bo‘yicha xizmatlari ro‘yxatini kengaytirish;
  • dam olish va umumiy ovqatlanish joylari, turizm ob’ektlari va savdo-ko‘ngilochar muassasalarda IIOning jamoat tartibini muhofaza qilish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida xizmatlar ko‘rsatishi to‘g‘risida shartnomalar tuzish amaliyotini joriy etish;
  • yangi turar joylarni qurish chog‘ida IIO bilan kelishuvga ko‘ra qo‘riqlash-yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlari bilan majburiy jihozlash;
  • respublika mahallalari xavfsizligi darajasining choraklik reytingini yuritgan va har yili “Eng xavfsiz mahalla” respublika tanlovini o‘tkazgan holda ularga baho berish.

2019 yil 1 yanvardan boshlab IIO qo‘riqlash xizmati mablag‘lari hisobidan quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda:

  • fuqarolarning kvartiralarida qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatish davrida foydalanishga beriladigan qo‘riqlash texnik vositalari uskunalarini o‘rnatish;
  • fuqarolarning kvartiralari va turar joylarida qo‘riqlash texnik vositalarini o‘rnatish va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini bajarish.

Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.