Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi va Markaziy bank xarid qilingan tovarlar bo‘yicha qaytim o‘rniga sotuvchi tomonidan kam baholi turli tovarlarning qaytarilishidan norozi bo‘linsa 1091 raqamli"ishonch telefoni"ga murojaat qilishni so’raydi.

2018 yilning iyul oyidan Markaziy banki tomonidan yangi namunadagi 50, 100, 200, 500 so‘mlik tangalar muomalaga chiqarilgan.

“Bundan asosiy maqsad — aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarga naqd pullar bilan hisob-kitoblarda qulayliklar yaratish, jumladan xarid qilingan tovarlar va xizmatlar uchun qaytim qaytarishdagi muammollarni bartaraf etish hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

“Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi Qonunining 21-moddasiga asosan sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Ta’kidlanishicha, savdo do‘konlari, supermarketlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, dorixonalar, transport va maishiy xizmat ko‘rsatish korxonalari xaridorlarga qaytim pullarini to‘liq berishni ta’minlash maqsadida, mayda qiymatdagi tangalarni olish yuzasidan xizmat ko‘rsatuvchi bank filiallariga murojaat qilishlari lozim.

O‘z navbatida, aholi bilan naqd pulda hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi xo‘jalik subyektlari tijorat banklari orqali:

  • bankdagi depozit hisobvaraqlaridagi mablag‘lari doirasida mayda qiymatdagi tangalar bilan ta’minlab beriladi;

  • banknot ko‘rinishidagi naqd pul mablag‘larini mayda qiymatdagi tangalarga almashtirib olishlari mumkin bo‘ladi.

Tadbirkorlik subyektlari murojaatlariga asosan banklardan 50, 100, 200, 500 so‘m qiymatdagi tangalarni olishda muammolar yuzaga kelganda, Markaziy bankning (71) 200−00−44 raqamli"ishonch telefoni"ga murojaat qilishlari so’ralgan.