“O'zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Bahrom Ashrafxonov O’zbekistonda GTL zavodining ishga tushirilishi benzin narxining pasayishiga olib kelishi haqida gapirdi.

Avvalroq, prezident Qashqadaryoga tashrifi chog’ida viloyatdagi tabiiy gazdan sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) olish imkoni beruvchi zavod benzin narxining pasayishi haqida e’lon qilgan edi:

“Biz har tomonlama mulohaza qilib, sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradigan, 1 milliard $ import o‘rnini to‘ldiradigan tarixiy loyiha qildik. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotini barqaror qilish uchun katta salohiyatga ega. Shu paytgacha tarmoqda bunday nomenklatura yo‘q edi. Bu yerda yoqilg‘i ishlab chiqarib, benzin tannarxini tushirsak, odamlarimiz shuni sezadi”, — degan edi Shavkat Mirziyoyev.

“O'zbekneftgaz” rahbari Farg’ona va Buxoro neftni qayta ishlash zavodlarida benzin ishlab chiqarilayotganini eslatib o’tdi. Ular O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan neftda ishlaydi va xom ashyo yetishmayotgan qismi import qilinadi.

“GTL zavodi ishga tushirilishi munosabati bilan bizda aviakerosin va dizel yoqilg’isi ishlab chiqariladi. Bu shuni anglatadiki, biz bunday yoqilg’ini ishlab chiqarish uchun ko’plab uglevodorod xom ashyolarini import qilmaymiz”, — dedi Bahrom Ashrafxonov.

Zavod yiliga 1 milliard $dan ziyod mablag’dagi 1,5 million tonnagacha import o’rnini bosuvchi neft mahsulotlarini yetkazib berishi kutilmoqda.

Shunday qilib, import qilinadigan xom neftning bir qismi benzin ishlab chiqarish uchun ishlatiladi, bu esa “O'zbekneftgaz” rahbarining so’zlariga ko’ra, benzin va uning mahsulotlari narxlarining pasayishiga olib keladi.