9 yanvar kuni Toshkent viloyatida hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan xalq deputatlari Angren shahar Kengashi sessiyasi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Respublika ishchi guruhi tomonidan Angren shahri issiqlik tarmoqlarining ichki taqsimlovchi quvurlari eskirganligi sababli aholi xonadonlari va tashkilotlarning issiqlik ta’minoti yetarli darajada emasligi muammosi aniqlandi.

“Umumiy uzunligi 10 km bo‘lgan issiqlik tarmog‘inining taqsimlovchi va dahalar ichki issiqlik tarmoqlari rekonstruktsiyaga muhtoj. Angren shahridagi 980 ta ko‘p qavatli uydan 634 tasi (67%) markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan bo‘lib, issiqlik ta’minoti me’yor darajasidan juda past holatda yetkazib beriladi, qolgan 346 ta (33%) ko‘p qavatli uy kuz-qish mavsumiga umuman tayyor emas”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, muammolar shahar kommunal xo‘jaligida hanuzgacha qo‘llanib kelinayotgan eskicha yondashuvlar, mansabdorlarning o‘z vazifalariga tegishli mas’uliyat bilan qaramasliklari tufayli sohada yillar mobaynida to‘planib qolgan masalalartufayli yuzaga kelgan.

Vaziyatni o‘zgartirish uchun issiqlik ta’minotining markazlashgan tizimidan bosqichma-bosqich voz kechib, zamonaviy lokal texnologiyalarga o‘tish lozimligi ta’kidlandi. Sessiyada ushbu masala joriy yilgi hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va investitsiya dasturlariga kiritilishi zarurligi qayd etildi.