Diliyor Yusupov

Bloomberg’ning bosh tahlilchisi va korporativ mijozlar bilan ishlash bo’yicha menejeri (Nyu-York, AQSH), Buyuk Kelajak kengashi eksperti.

O‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, loyiha menejmenti — har qanday davlat va kompaniya taraqqiyotining eng muhim omillaridan biridir, O‘zbekistonning nechog‘lik keng ko‘lamda rivojlanayotganini hisobga olganda esa loyiha menejmenti bizga juda kerak.

G‘arbda bu mavzu “Implementation of project management culture in a government” sifatida ma’lum. Loyihaviy boshqaruv hukumat topshiriqlari, vazifa va buyurtmalari o‘z vaqtida, samarali va ajratilgan byudjet doirasida bajarilishi va shu bilan birga salbiy oqibatlar keltirib chiqarmasligi uchun zarur.

Ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda samaradorlikni tahlil qilish, shaffof bo‘lib qolish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida davlat organlari ushbu uslubdan foydalanadi.

Tizimning kamchiliklari: qayoqqa qaramang siyqasi chiqqan “rasmiyatchilik”

Boshqa ko‘p mamlakatlarda bo‘lganidek, O‘zbekistonda ham davlat muassasalari xodimlari kuniga sakkiz soatdan ortiq ishlaydi, o‘z majburiyatlarini vijdonan va to‘g‘ri bajaradilar, biroq muammolar oxirigacha yechilmaydi: yakuniy natijalarga erishilmaydi, belgilangan muddat va byudjetga joylashilmaydi va hokazo. Oxir-oqibat aholi norozi, rahbariyat g‘azablanadi, so‘kinadi va ko‘pincha ular haqli bo‘ladilar. Misol uchun Qozog‘iston tajribasini olaylik: QR Oliy sudi raisi Jakip Asanov o‘z chiqishlaridan birida ta’kidlaganidek, Qozog‘iston davlat dasturlari — juda jiddiy hujjatlar, ularda maqsad va ko‘rsatkichlar aniq belgilab qo‘yilgan, hukumat, shuningdek, dasturni amalga oshirish rejasini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Aksariyat hollarda bunday hujjatlarda “takomillashtirish”, “kuchaytirish” “faollashtirish” (bizda esa masalan,"belgilangan tartibda") so‘zlari uchraydi. Bunday so‘zlar nega kerak? Negaki, ularni ertaga bu chora-tadbirlar ijrosini ta’minlashlari lozim bo’lgan tuzilmalar tanlaydi.

Shu bilan birga, Asanovning aytishicha, ular o‘z oldilariga aniq va murakkab vazifalarni qo‘ymaganlari ma’qul. Albatta, ertaga ularni hech kim yaxshi ishlamaganlikda ayblamasligi uchun ular ayni shunday tadbirlarni tanlaydilar, demak, hech kim ijro sifatini o‘zgartira olmaydi. Buning ustiga, yakunlash shakli -yuqoriga hisobot berish masalasi ham bor.

Bunday holat bizda ham yo‘q emas: qarang, prezident adminstratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va boshqalardan qanchalik muhim topshiriqlar kelib tushadi. Qanchadan-qancha xalqaro bitim va shartnomalar imzolanadi. Davlatimiz rahbari qo‘l qovushtirib o‘tirmay ishlayapti, biz bularning barchasini ko‘rib turibmiz.

Biroq topshiriqlar Vazirlar Mahkamasiga jo‘natiladi, u yerda ham ish, topshiriqlar ko‘p — ularni vazirlik va idoralarga, hokimliklarga yuboriladi, u yerdan yana boshqa tuzilmalarga, tabiiyki, rasmiylashtirilgan holatda, axir, topshiriqlarni nazoratdan chiqarish lozim, aks holda jazolanish mumkin.

Ko‘p uchraydigan manzara: majlis davomida yaxshi g‘oya tug‘ilib qoladi, hammaga ma’qul tushadi va qo‘llab-quvvatlanadi, ammo, undan baribir hech narsa chiqmaydi, chunki masalaga noto‘g‘ri yondashilgan.

Rahbar “yuqoridan” topshiriq oladi, va keyingi sxema quyidagicha: vazir — o‘rinbosar — departament direktori — boshqarma boshlig‘i — bo‘lim boshlig‘i -mutaxassis (kechagi talaba yoki barcha muhim masalalar yuklangan vijdonli xodim, chunki “boshqasi eplay olmaydi”).

Uning vazifasi nimadan iborat? U boshqa yoki barcha davlat organlariga so‘rov yuboradi, “rasmiylashtiradi” va ma’lumot to‘playdi, keyin bu so‘rovlar huddi shu tusda ayni shunday xodimlarga kelib tushadi. Endi birgina vazifa qoladi: nazoratdan chiqarish va masalani zudlik bilan yopish. Qolipga tushgan xatlarni har tarafga jo‘natishga tushiladi.

Endi qog‘oz qaytadan yuqoriga — pochtasi ulkan, xatlar yog‘ilib turadigan rahbarlarga jo‘natiladi, ularning vazifalari shu qadar ko‘pki, bu xatni diqqat bilan o‘qib chiqishning jismonan imkoniyati yo‘q, buning ustiga oradan bir oy o‘tgan, undan keyin ham o‘nlab, yuzlab topshiriqlar olingan va ularning hammasi muhim va dolzarb. Shuning uchun hech kim jazolanmaydi, hamma o‘z ishini qilyapti. Keyin esa hamma hayron: nega natija yo‘q?

Jakip Asanov aytganidek, bu savolning javobini olis zamonlarda Eynshteyn berib bo‘lgan:"Ayni bir ishni qilishni davom ettirib boshqa natijalarni kutish befoyda", shuningdek, zamondoshimiz Gay Kavasaki: “Muvaffaqiyatga to‘g‘ri va bilimli rejaga ega bo‘lganlar emas, balki ularni to‘g‘ri va tushunib amalga oshirganlar erishadi” deb aytgandi.

Bunday muammo nafaqat mamlakatimizda, balki, dunyoning deyarli barcha davlatlarida mavjud.

Loyiha menejmenti qanday ishlaydi va u nima uchun samarador?

Tashkilotlar samaradorligini oshirish masalasi ko‘pdan bor va insoniyat buning uchun turli texnologiyalarni o‘ylab chiqqan. Loyiha menejmenti ularning biridir.

Uning mohiyati nimada? Uni ikki qismga ajratamiz:

  1. Jarayondagi — kundalik ishlar, tezkor masalalar.
  2. Loyihaviy — muhim, biroq, u bilan biz deyarli shug‘ullanmaymiz, ahir u yonayotgani yo‘q va uni zudlik bilan bajarish shart emas.

Biroq agar biz ijroni loyihalashtirish va samaradorlikni oshirish masalalari bilan shug‘ullanmas ekanmiz, ishimizda yong‘in har kuni sodir bo‘ladi. Buning mohiyati — jamoa tashkil qilinadi va barcha bir maqsad, vazifaga e’tibor qaratadi hamda natijaga erishiladi.

AQShda hozir vazirliklarning rahbar lavozimlariga o‘quv kurslarini o‘tamagan va sertifikatga ega bo‘lmaganlarni tayinlashmaydi. O‘quv kurslarida o‘qish oson, xalqaro sertifikat olish esa ancha mashaqqatli, negaki, buning uchun haqiqatda loyihaviy boshqaruv sohasida bilimga ega bo‘lish lozim.

Shunday sertifikatlardan biri — PMP-sertifikat, u quyidagi mavzularga qaratilgan:

Asosiylari

  • Tashabbus ko‘rsatish
  • Rejalashtirish
  • Ijro
  • Monitoring va nazorat
  • Yakunlash

Kelib chiqadiganlari

  • Loyihani integratsiya qilish menejmenti
  • Loyihaning aniq vazifalarini belgilash bo‘yicha menejment
  • Aniq va real muddatlarni belgilash bo‘yicha menejment
  • Loyiha qiymati menejmenti
  • Sifat menejmenti
  • Zahiralar bo‘yicha menejment
  • Loyiha kommunikatsiyalari bo‘yicha menejment
  • Hatarlar bo’yicha menejment
  • Moddiy-texnik ta’minot menejmenti
  • Mas’ul, manfaatdor va bog‘langan tomonlar menejmenti

Ular qonunlar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar, davlat xaridlari, davlat va nodavlat ko‘lamdagi loyihalarni qabul qilish, amalga oshirish va ta’minlashda juda muhim hisoblanadi.

Nima qilmoq kerak?

Agar biz loyiha menejmentini joriy etsak, darhol hammasi kaftdagidek yaqqol namoyon bo‘ladi, biz kim samara keltirishi, kim yo‘q ekanini ko‘ramiz, ko‘z oldimizda qancha iqtidor sohiblari kashf etiladi. Yakuniy natija kutilganiga, qiymat va sifat dastlabki rejaga mos keladi, ishlar esa belgilangan muddatda bajariladi.

Xitoyni misol keltiramiz: 60 qavatli mehmonxona 15 kunda qad ko‘tardi. Ehtimol kimdir, u yerda eng yaxshi jihozlar, eng yaxshi mutaxassislar borligi va boshqa jihatlarni keltirar. Aslida gap bunda emas, balki loyihaviy yondashuvda. Zero, bizning mutaxassislarimiz ham aksariyat hollarda dunyo miqyosida hech kimdan kam emas, texnikani esa sotib olish mumkin.

Buning siri shundaki, u yerda o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan jamoa bor, unda hamma narsa chuqur o‘ylangan, hisoblangan va har bir xodim o‘z vazifasi hajmini juda yaxshi biladi. Aytilganidek, eng asosiysi — kerak vaqtda, kerakli joydagi kerakli odamlar. Bunday yondashuv shaffoflik beradi, bu esa o‘z navbatida korrupsiyaning oldini oladi.

Agar bunday yondashuv bo‘lmasa, ish bu zalvorlik, kundalik ikir-chiqirlar va qoloqlikdan qaynayveradi. Va eng asosiysi — istiqbol bo‘lmasa, tashkilotlarda shtatlar ham o‘smaydi, mutaxassislar ishdan bo‘shab ketadi, muammolar esa yig‘ilaveradi, axir, hech kim bilimdonroq bo‘lib qolmaydi.

Vaziyat o‘zgarmayotgan bir sharoitda nima qilmoq kerak? Keling, davlat boshqaruvida loyiha menejmenti madaniyatini muvaffaqiyatli joriy etgan mamlakatlar tajribasini o‘rganaylik. Sertifikat masalasiga kelganda, bu xildagi o‘quv kurslarini o‘tash imkoniyatini yaratish lozim.

Imkoniyatlar juda ko‘p — tarmoqdagi mavjud zahiralardan foydalanish, notiqlarni, xodimlarni o‘qitish bo‘yicha mutaxassislarni taklif etish, rahbarning o‘zidan boshlab har bir xodim uchun ichki kurslar va seminarlar tashkil etish lozim. Agar o‘qishni tugallagan xodimlar malakasini oshirgandan keyin boshqa ishga o‘tib ketsa, hafa bo‘lish kerak emas — qo‘rqinchlisi, siz ularni o‘qitmaganingiz va ular o‘z ish joylarida qolganlaridadir.