Prezidentning “Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori e’lon qilindi.

Qarorga muvofiq, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi tashkil etiladi. Agentlik chet el investorlarini ma’lumotlar bilan ta’minlash va huquqiy ko‘mak berish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni hal etish, zaruriy hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ularga xizmat ko‘rsatish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Shuningdek, quyidagilarni amalga oshiruvchi Texnologik rivojlanish agentligi tashkil etiladi:

  • mahalliy xomashyo negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun ilg‘or xorijiy texnologiyalarni izlab topish, jalb qilish va joriy etish;
  • ilmiy ishlanmalarni ekspertiza qilish, ularning miqyosini kengaytirish va tijoratlashtirishning samarali tizimini yaratish;
  • ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiquvchi va joriy etuvchi korxonalarga davlat tomonidan ko‘mak berish mexanizmlarini shakllantirish.

Qaror bilan, 2019 yil 1 iyuldan boshlab investorlar bilan o‘zaro aloqalar “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshiriladi, uning doirasida salohiyatli investorlarga konsultatsiya berish, ularning davlat xizmatlaridan foydalanishi, shu jumladan, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga ulanishida yordamlashish, shuningdek, investitsiya shartnomalarini tuzishda ko‘maklashish borasidagi ishlar bajariladi.

Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi qoshida tashqi savdo va eksport asoslari bo‘yicha bepul kurslar tashkil etilib, kelgusida bunday kurslarni tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlarida tashkil etiladi.