28 yanvar kuni poytaxtning Hyatt Regency mehmonxonasida Smart Grid + Wi-Fi 2.0 texnologiyasi va boshqa istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Innovatsion rivojlanish vazirligi “Dreyfus Capital” kompaniyasi (AQSH) bilan hamkorlikda Wi-Fi tizimiga ulangan so‘nggi avloddagi elektr energiyasini taqsimlanishini, iste’molini hisobga olish va nazorat qilishning innovatsion tizimini joriy etish bo‘yicha “Smart Grid” (smart grid — aqlli tarmoqlar) loyihasini ishlab chiqmoqda.

Gaz, suv va issiqlik ta’minoti hisobini yuritish tizimlarini joriy qilish ham ko‘zda tutilgan.

Tadbirda AQSHning “Delta Energy & Communications, Inc.” kompaniyasi tomonidan “Smart Grid (aqlli tarmoq)” loyihasi taqdimoti o‘tkazildi.

“Elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste’mol qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ishda axborot va kommunikatsion tarmoqlardan foydalanuvchi mazkur zamonaviy tarmoq elektr energiya ishlab chiqarish va tarqatishning samaradorligini, ishonchliligini, iqtisodiy foydani oshiradi, sohaning barqarorligini ta’minlaydi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, AQSHning “Delta Energy & Communications, Inc.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan “Smart Hub” uskunasi ko‘p sonli manbalardan axborotni to‘plab (o‘lchov datchiklari, aloqa moslamalari va h.), yuqori tezlikda iste’molchilarga uzatish imkoniyatiga ega.

Mazkur moslamani mavjud transformatorlarga o‘rnatish taklif etilmoqda. Tizim ishlashi uchun iste’molchilar ulanish nuqtalarida Wi-Fi kanali orqali axborotni uzatish va nazorat qilish imkonini beruvchi elektr o‘lchov asboblari talab etiladi.

Bunda onlayn rejimda uzatilgan va iste’mol qilingan elektr energiyasi, gaz, suv hajmlari, transformatorlar va elektr tarmog‘ining boshqa kommutatsiya uskunalarining ishlash ko‘rsatkichlari, yuzaga kelayotgan nosozliklar va tarmoqqa ruxsatsiz ulanishlar to‘g‘risida ma’lumotlarni olish mumkin bo‘ladi.

“Uskuna tabiiy gaz, sovuq va issiq suv ta’minoti hisobini yuritish o‘lchovlaridan axborot olish, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Ichki ishlar vazirligini aloqa kanallari bilan ta’minlash, internet, televideniye, uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.

Tizim, shuningdek, Internet tarmog‘iga ulanish va uning tezligini oshirishga xizmat qiladi. Pilot loyihani yangi qurilgan uy-joylarda amalga oshirish mumkin. Natijada, mazkur tizim “Aqlli shahar” konsepsiyasini amalga oshirish uchun asos bo‘ladi.