2019 yilning yanvar oyida mamlakat iste`mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o`rtacha 1,5%ga oshdi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Oy davomida mahsulotlar narxi 1,8% ga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 2,8%, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,5%ga oshdi. Xizmatlar narxi esa 0,5% ga o`sdi.

Oziq-ovqat mahsulotlari

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomida o`rtacha 2,8% ga oshganligi umumiy INI darajasining 1,2 f.d.da ko`tarilishini ta`minladi.

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan narxlarining o`sishi borasidagi yetakchilik meva-sabzavot mahsulotlari hissasiga to`g`ri kelib, bu esa narxlarning oy davomida o`rtacha 8,3%ga qimmatlashganligini ko`rsatdi.

Narxlarining ko`tarilishidagi keyingi yetakchi o`rinni esa spirtli ichimliklar mahsulotlari (3,7%) egallagan.

Non mahsulotlari narxlari oy davomida 0,2% dan 3,7% oralig`ida qimmatlashdi.

Xizmatlar va nooziqovqat mahsulotlar

2019 yilning yanvar oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining 0,5%ga qimmatlashishi, yig`ma INIning oy davomidagi o`sishiga 0,2 f.d.da ta`sir etdi.

Yanvar oyida nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining o`sishi bo`yicha yetakchi pog`onani bosma nashr mahsulotlari egallagan (16,9%). Narxlarning qimmatlashishi mamlakatning deyarli barcha hududlarida qayd etilib, faqatgina Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida ushbu mahsulotlar narxi 2018 yilning dekabr oyidagi narxlar darajasida saqlanib qolgan.

2019 yilning yanvar oyida har bir guruhning salmoq vaznlarni inobatga olgan holdagi umumiy INIning o`sishiga qo`shgan hissasi borasida yetakchi o`rinni bosma nashr mahsulotlari va kiyim-kechaklar guruhlari egallagan (ta`sir darajasi 0,03 f.d.).

Erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlarining deyarli barcha turlaridagi narxlar 0,2%dan 1,5%gacha oraliqda qimmatlashgan. Oy davomida avtomobillar uchun yoqilg`i narxlari 0,7%ga qimmatlashdi. Benzin narxlarining barqaror saqlanib qolganligi barobarida metan narxlari 9,4%ga ko`tarilib, propan narxlari esa aksincha 14,4%ga arzonlashdi.