Chegara bojxona postlarida qancha avtotransport vositasi navbatda turganini endi onlayn bilish mumkin. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Chegara-bojxona postlarida chiqish yo‘nalishida navbatda turgan yengil va yuk avtotransport vositalari va avtobuslar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Davlat bojxona qo‘mitasi veb-saytidagi onlayn tablodan bilish imkoniyati joriy qilindi.

“Mazkur tablo Davlat bojxona qo‘mitasining „Avto“ yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiyalashtirilgan bo‘lib, undagi ma’lumotlar har 6 soatda avtomatik ravishda yangilanadi”, — deydi Bojxona nazoratini tashkil etish boshqarmasi katta inspektori Akmal Eshonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur tablo orqali chegara bojxona postlarida bir sutka davomida respublikamizga kirgan yoki chiqqan avtotransport vositalari soni to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham ko‘rish mumkin.