Ozarbayjonning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri — “Matanat A” kompaniyasi rahbariyati va Qashqadaryo viloyati hokimligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Investorlar hududdagi shart-sharoit, ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma, xom ashyo bazasi bilan yaqindan tanishgan va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan.

Xabarga ko’ra, mazkur firma taklif etgan istiqbolli loyiha qiymati 20 million $ ga baholangan. Uning doirasida Qamashi tumanida gipsokarton, quruq qurilish qorishmasi singari raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik quvvatni ishga tushirish belgilangan.

Ta’kidlanishicha, xom ashyo muammo bo‘lmaydi, chunki bu hududda qurilish materiallari tayyorlashda ishlatiladigan gipsning salmoqli zaxirasi mavjud.

“Matanat A” (2000 yil) Ozarbayjondagi sement, gips va boshqa qurilish aralashmalari ishlab chiqaruvchi birinchi kompaniya bo’lib, uning mahsulotlari Rossiya, Gurjiston, Turkmaniston, Eron, Ukraina va boshqa davlatlarga eksport qilinadi.