AKT vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar beradi AKT vazirligi matbuot xizmati.

Tashrif doirasida Rossiya klasterlari va texnoparklari assotsiatsiyasi, “Skolkovo” IT-klasteri, yetakchi IT-kompaniyalar hamda Rossiya Federatsiyasi Raqamli taraqqiyot, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi bilan istiqbolli hamkorlik va sheriklik munosabatlari oʻrnatildi.

AKT vazirligi va Toshkentlagi IT-Park xodimlari uchun “Skolkovo” Biznes-maktabida oʻquvlar tashkil etish, istiqbolli “startap-loyihalarni” rivojlantirish maqsadida IT-Parkka “Skolkovo"ning venchur hamkorlarini jalb etish borasida kelishuvga erishildi.

Tashrif yakunlariga koʻra, AKT vazirligi va Rossiyaning koʻplab sohaga oid tashkilotlari va kompaniyalari oʻrtasida hamkorlik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yoʻnalishida istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumlari imzolandi.

Rossiya Federatsiyasi Raqamli taraqqiyot, aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vazirligi kelgusida kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, logistika va pochta aloqasi, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli kontentni shakllantirish va boshqa koʻplab yoʻnalishlarda oʻzaro manfaatli hamkorlik qilishga tayyor ekanini maʼlum qildi.