Energetika vazirligi va “Cengiz Enerji Sanayiive Ticaret A.Ş.” kompaniyasi o‘rtasida quvvati 240 MVt bo‘lgan IES qurilishini loyihasini davlat-xususiy sherikchilik asosida qurish bo‘yicha bitim imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Kombinatsiyalashgan issiqlik elektr stansiyasi quriladigan joy sifatida Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Quyimozor suv ombori yaqinidagi hudud tanlangan.

“Tabiiy gazda ishlovchi issiqlik elektr stansiyasi GE (AQSH) da ishlab chiqarilgan gaz turbinasi va Siemens (Germaniya) kompaniyasida tayyorlangan bug‘ trubinasini o‘z ichiga oladi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Buxoro viloyatida quvvati 240 MVt ga teng bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurib foydalanishga topshirilishi mazkur hududda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni qondirish bilan birga magistral elektr tarmoqlari orqali energiya yetkazib berishda yo‘l qo‘yiladigan texnik yo‘qotishlarni kamaytirishga xizmat qiladi.