Prezident Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 22 fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan 28 fevralda tasdiqlangan.

Qonun bilan, soliq xizmati organlariga soliq to‘lovchi qayd etilgan manzilda bo‘lmagan, shuningdek soliq hisoboti va moliyaviy hisobot, kameral nazorat natijalari bo‘yicha tafovutlarning asoslarini belgilangan muddatlarda taqdim etmagan hollarda banklardagi hisobvaraqlar bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish vakolati berildi (ilgari sud tartibida choralar ko‘rilgan).

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish” to’grisidagi qonunga muvofiq, Jamiyat o‘zining firma nomi davlat tilida to‘liq yozilgan hamda joylashgan yeri ko‘rsatilgan yumaloq muhrga ega bo‘lishga haqli (ilgari bo’lishi lozim bo’lgan).

Endilikda jamiyat ustav fondining miqdori jamiyat ustavida belgilanadi. Jamiyat ustav fondining eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin.

Shuningdek, Qonun bilan davlat organlariga tadbirkorlardan hujjatlarga muhr bosishni talab qilish yoki hujjatlarni muhr bilan tasdiqlash to‘g‘risida talab qo‘yish taqiqlandi.

Shuningdek, Iqtisodiy protsessual kodeksga soddalashtirilgan tartibda ish yuritish bo‘yicha alohida bob kiritildi. Unga ko‘ra, da’voning bahosi yuridik shaxslarga nisbatan — eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan esa — eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan oshmasa, ushbu da’vo arizalari bo‘yicha ishlar soddalashtirilgan ish yuritish tartibida ko‘rib chiqiladi.