Nodirbek Alisherov oilaviy pazandalikni 10 kun mobaynida harajatlarini qoplab daromad keltira boshlagan biznesga aylantirdi. Bahorgi mavsumda korxona kuniga 1000 bankagacha sumalak sotadi, bu yil esa o‘z maxsulotini MDH bozorlariga olib chiqishni rejalashtirmoqda.

Spotga bergan intervyusida yosh tadbirkor mavsumiylik savdoga qanday ta’sir ko‘rsatishi, kompaniya raqobat deyarli bo‘lmagan yo‘nalishda qanday rivojlanayotgani va qay yo‘sinda xorijga chiqishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida so‘zlab berdi.

2000 $lik oilaviy biznes

Men o‘smirlik davrimdayoq pul ishlab topa boshlaganman — maktabda tahsil olgan yillarimda Nazarbek ko‘prigida qovun-tarvuz sotardim. Otam — elektrchi, o‘z ishidan tashqari biz uyda tayyorlagan sumalakni sotardi. Kollejni tugatganimdan keyin men unga bozorda yordam berishga kirishdim.

Avvaliga ko‘pchilikka bu ish g‘alati ko‘rindi, negaki, barcha sumalak faqat Navro‘zda tayyorlanishiga o‘rganib qolgandi. Bundan tashqari odamlar an’anaviy taom bo‘lgan sumalakni sotish urf-odatlarimizga zid ekani haqida gapirishardi.

Biroq biz ishni davom ettirdik: dunyo o‘zgarmoqda, hamma ham sumalak tayyorlashni eplay olmaydi, ko‘pchilikning vaqti ham yo‘q, undan keyin yil davomida bu taomni yeyishning nimasi yomon? U ham mazali, ham foydali bo‘lsa?

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

O‘shanda biz bu ta’bir joiz bo‘lsa xobbimiz oilaviy biznes bo‘lib qolishini xayolimizga ham keltirmagan edik, biroq ulg‘aygan sayin men sumalak tayyorlashda istiqbolli yo‘nalishni ko‘rdim, shuning uchun 2016 yili 2000 $ qarz olib, “Alisherov"XKni ro‘yxatdan o‘tkazdirdim.

Dastavval biz to‘rtta katta cho‘yan qozon sotib oldik, uyda ishlab chiqarish uchun joy tayyorladik. Birinchi navbatda sumalak uchun kerakli bo‘lgan mahsulotlarni, ya’ni barchaga ma’lum bo‘lganidek, o‘simlik yog‘i, un va nish urgan bug‘doy keltirishni yo‘lga qo‘ydik, ularni biz zavoddan ko‘tarasiga sotib olamiz.

Shu bilan birga banka yetkazib beruvchilarni ham topdik — Farg‘onadagi Quvasoy zavodiga buyurtma beramiz. Shuningdek yorliqlar ham kerak edi — buning uchun ham alohida yetkazib beruvchi bor, har bir banka bizga 300 so‘mdan tushadi.

Mahsulot sifatini otam nazorat qilardi, zero u 20 yildan ortiq vaqtdan beri sumalak qaynatar va retseptura hamda ta’m sifatlarining barcha nozik jihatlarini yaxshi bilardi. Men esa buxgalteriya va tovar realizatsiyasiga javob berardim. Biz Bahor Sumalak brendini ishlab chiqdik va hamkorlar qidirishni boshladik.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Sotuvlar: kuniga 700 litrgacha

Birinchi hamkorimiz Makro supermarketlar tarmog‘i bo‘ldi, biz ular bilan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan zamonimiz hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Mahsulotimiz magazinlar peshtaxtalaridan o‘rin olishidan avval Makro ofisi xodimlari o‘rtasida degustatsiyadan o‘tishi lozim edi — ularda shunday ichki siyosat bor.

Noaniq degustatsiya o‘tkazildi — ya’ni respondentlar namunalarni bu qanday brend ekanini bilmasdan tatib ko‘rdilar. Natijada bizning mahsulot 57,1%, raqiblarimiz mahsuloti esa 35,7% ovoz oldi. Biz ko‘p ijobiy mulohazalarga sazovor bo‘ldik va bahorda dastlabki 1000 banka sumalakni yetkazib berdik.

Talab kutganimizdan ziyoda bo‘ldi: biznes 10 kun ichidayoq foyda keltira boshladi, shuning uchun men darhol qarzimni qaytarib berdim. Dastlabki oylarda biz kuniga tahminan 100 litr sumalak qaynatdik.

Bizning hamkorlarimiz asosan — bu riteyl, shu jumladan onlayn: Makrodan tashqari, “Magnit” va Arba.uz ham bor, shuningdek, korzinka.uz. bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Mahsulotimiz mamlakatning deyarli barcha hududlarida sotiladi — hozircha, faqat Buxoro va Qoraqalpog‘istonnigina qamrab olganimiz yo‘q. Makroning filiallaridan tashqari, viloyatlarda bizning tovarimizni sotib oladigan chakana savdo nuqtalari ham mavjud, biroq ular bilan tizimli ravishda ishlamaymiz.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Boshida biz ayrim magazinlarga so‘ralgan hajmdagi mahsulotni yetkazib bera olmadik, biroq vaqt o‘tishi bilan tizimli ravishda yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydik.

Shunday qilib, Navro‘z bayrami tufayli talab yuqori darajaga ko‘tariladigan bahorgi mavsumda kuniga 700 litr atrofida sumalak sotamiz, bu kuniga 1000 banka demakdir. Keyin savdo kamayadi — kuz va qishda kuniga 100 litrdan sumalak qaynatamiz. Biroq biz odamlar sumalakni yil davomida tanovul qilinadigan taom deb qabul qilishlari ustida ish olib boryapmiz.

Hozir operatsiya aylanmasi — yiliga 450 mln so‘m atrofida, bu o‘rinda biz aylanmadan oyiga 4% stavka bo‘yicha soliq to‘laymiz. Daromad esa yiliga 25 ming $ni tashkil qiladi, oyiga tahminan 2 ming $dan to‘g‘ri keladi.

O‘zbek taomi eksportga

Kelasi yildan biz MDHning yaqin mamlakatlariga eksport qilishni rejalashtiryapmiz, buning uchun fevralda qo‘shimcha oilaviy korxona ochdik hozir seriyali ishlab chiqarish texnologiyasi jamoasini shakllantiryapmiz.

Ammo avvaliga to‘laqonli rebrending o‘tkazishni istaymiz. Hozirgacha sa’y-harakatlarimizda marketingni ham yo‘lga qo‘yganimiz yo‘q, biroq bu yildan boshlab buning ustida chuqurroq ish olib borishni va marketing kompaniyalar bilan hamkorlik qilishni rejalashtiryapmiz, marketolog va SMM-menejerlarni olyapmiz.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Zero sumalak — O‘zbekistonning palovdan keyingi ikkinchi milliy taomi, shu sababli mahsulotni chet elga chiqarish uchun brend ustida ham, mahsulot ustida ham ishlaymiz, negaki, u xalqaro standartlarga mos hamda u bilan g‘ururlanishimiz mumkin bo‘lgan darajada bo‘lishi lozim. Hozir bizning asosiy maqsadimiz shu.

Umuman eksport haqidagi taklif bizga kelib tushgan — yaqinda bir davlat tashkiloti tashqi bozorga chiqishni taklif qildi, biroq ma’lum shartlar bilan. Ya’ni, import qiluvchi mamlakatga moslashish rebrendingini qilish va importyor davlatlar uchun tushunarliroq nom bilan almashtirishimiz lozim ekan.

Ammo biz bu taklifni rad etdik, chunki sumalak -bu mamlakatimizning tarixiy an’anaviy taomi va chet eldagi odamlarni ayni o‘zbek milliy mahsuloti bilan tanishtirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Rejalar: yana bir ishlab chiqarish

Bozorda katta raqobat yo‘q: bizdan tashqari faqat ikki kompaniya sumalak ishlab chiqaradi — Gulzor va Oqtepa Navro’z. Bu qanchalik keng makon ekanini aytish qiyin, nima bo‘lganda ham biz uni birinchilar qatorida egalladik.

Sumalakni xorijga eksport qilish istiqbolli ekani ravshan, negaki, — MDH va boshqa mamlakatlarda kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan va bu taom ta’mini sog‘inayotganlar yetarli.

Biz shuningdek yana bir milliy shirinlik ishlab chiqarishni boshladik — ro‘za oyida an’anaviy ravishda ro‘zadorlar xush ko‘rib iste’mol qiladigan nisholda tayyorlaymiz.

Keyingi vaqtlarda tadbirkorlar uchun ko‘p imtiyozlar berilyapti, bu bizni rivojlanish va kengayishga rag‘batlantirmoqda. Shuning uchun bizda yana bir biznes — konservalangan mahsulotlar (tuzlamalar, murabbo, jem, kompotlar) ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Bu yo‘nalishga sumalak ishlab chiqarishdan olingan daromadni kiritamiz. Bu ishni yo‘lga qo‘yish uchun bir binoni ijaraga olish yoki nol qiymati bo‘yicha bo‘sh yotgan binoni qo‘lga kiritish uchun harakat qilishni rejalashtiryapmiz, davlat tomonidan yaratilgan qulaylik shunday imkoniyatni beradi.

Ma’lumot

Nodirbek Alisherov 1993 yili Toshkentda tug‘ilgan. 2011 yili Toshkent iqtisodiyot kollejini tugatgan. Keyin makaron mahsulotlari ishlab chiqaruvchi Makiz Baraka kompaniyasida ishlagan.