Avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullangan fuqarolarga jarima miqdorini 4 barobarga qisqartirish, ya’ni eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida belgilash rejalashtirilmoqda.
Bu haqda Davlat soliq qo’mitasi raisining birinchi o’rinbosari Mubin Mirzayev Xalqaro press-klub majlisida ma’lum qildi.
Hozirgi vaqtda Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 1763 moddasi avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullangan fuqarolarga eng kam ish haqining 20−100 (4−20 mln. so’m) va mansabdor shaxslar uchun 50 dan 150 barobarigacha (10−30 mln. so’m) miqdorida jarima solishni nazarda tutadi.
“Shu bilan birga, Transport vazirligi va yo’l-patrul xizmati xodimlari akt tuzishlari, uni ko’rib chiqilgandan so’ng jarima miqdori belgilanadigan sudga yuborishlari kerak. Qonun bo’yicha, jarima eng kam oylik ish haqining 20 barobaridan 100 barobarigacha bo’lishi kerak, ammo amalda bu qoida ishlamaydi “, — dedi Mubin Mirzayev.
Mubin Mirzayev so’zlariga ko’ra, sud aybdorning kam ta’minlanganligini hisobga oladi va jazoning eng ko’p miqdori eng kam ish haqining 5 barobaridan oshmaydi (1 mln. so’m atrofida). Shuning uchun ushbu me’yorni o’zgartirish haqida taklif kiritiladi.
Shuningdek, yo’l patrul xizmati xodimlariga sud ishtirokisiz jarimani qo’llash imkoniyatini berish taklif etiladi.
Birinchi martada huquqbuzar ogohlantiriladi, soliq to’lashi va qonuniy ravishda taksi haydovchisi bo’lish uchun litsenziya olishi taklif qilinadi. Agar u ikkinchi marta qo’lga tushsa, u holda ikkala jarimani ham to’lashi kerak bo’ladi.