Yevropa komissiyasi Mustaqil noshirlar alyansidan Google’ga qarshi shikoyat qabul qildi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, kompaniya qidiruv tizimida sharhlar uchun sun’iy intellektdan foydalanish bilan bog‘liq monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganlikda ayblanmoqda.
Nashrlarning ta’kidlashicha, Google’ning sun’iy intellekti qidiruv natijalarida noshirlarning veb-kontentidan noqonuniy foydalanmoqda. Bu esa media-kompaniyalarga, ayniqsa trafik, auditoriya va daromadlarni yo‘qotish nuqtai nazaridan jiddiy zarar yetkazmoqda.
Shu bilan birga, OAVlar o‘z materiallaridan sun’iy intellekt generatsiyasi uchun foydalanishni rad etish imkoniyatidan mahrum, chunki bu holda ular to‘liq trafiksiz qolish xavfi ostida qoladilar. Bunday vaziyat sun’iy intellekt funksiyalari qidiruvga joriy etilganidan beri bir yildan ortiq vaqt davomida kuzatilmoqda.
Google vakillari ta’kidlashicha, qidiruvda sun’iy intellektning rivojlanishi foydalanuvchilar uchun ko‘proq imkoniyatlar va kompaniyalar uchun katta salohiyat yaratadi.
Kompaniya qo‘shimcha qilib, trafik pasayishi haqidagi ma’lumotlar ko‘pincha to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarga asoslanadi, saytlar esa ko‘plab sabablar tufayli trafikni yo‘qotishi yoki olishi mumkinligini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Google Android foydalanuvchilari ma’lumotlarini noqonuniy to‘plagani uchun $314 mln tovon to‘lashi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Kaliforniya hakamlar sudi kompaniyani ularning shaxsiy ma’lumotlarini yashirincha to‘plagani uchun aybdor deb topdi.