Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi hamda “Vatandosh” diaspora tashkiloti tomonidan “O‘zbekistonga sayohat qil!” shiori ostida aksiya o‘tkazildi, xabar beradi qo’mita matbuot xizmati.

Tadbir davomida “Uber Technologies Inc.” va “Lyft” kompaniyalarining yo‘lovchilarni tashish uchun litsenziyasiga ega bo‘lgan vatandoshlar O‘zbekistonning mashhur shaharlari, jumladan, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlarining suratlari aks ettirilgan hamda O‘zbekistonning turizm axborot veb-saytlari manzillari ko‘rsatilgan yorliqlarni o‘z avtomobillariga yopishtirishdi.

Shu bilan birga, “O‘zbekistonga tashrif buyurishning 10 ta sababi” nomli ingliz tilidagi broshyuralar keyinchalik yo‘lovchilarga taqdim etish uchun taksi haydovchilariga tarqatildi.

100 dan ortiq avtomobillar ishtirokidagi tadbir jarayoni internet tarmog’ida to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn translyatsiya qilindi hamda mahalliy OAVda yoritildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 2 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar Uber kompaniyasining litsenziyasiga ega.

Uber Technologies Inc. — 2009 yilda tashkil etilgan Amerikaning xalqaro xususiy kompaniyasi hisoblanadi. Mazkur kompaniya xususiy haydovchi yoki taksi chaqirish, to‘lovlarni amalga oshirish, oziq-ovqatlarni yetkazib berish uchun mo‘ljallangan mobil ilova yaratgan va shu orqali mashxurlikka erishgan.

Lyft — 2012 yilda tashkil etilgan San-Fransiskodagi kompaniya hisobalanadi. Mazkur kompaniya o‘z foydalanuvchilariga o‘rtacha va arzon narxlarda belgilangan manzilga yetkazib qo‘yishga tayyor bo‘lgan taksilarni mobil dastur yoki veb-sayt yordamida qidirib topish imkonini beradi. Lyft kompaniyasi AQShning 60 ta shahrida ishlaydi.