Farg‘onada viloyat faollari, vazirlik va idoralar rahbarlari, nuroniylar, tadbirkorlar ishtirokida yig‘ilish boshlandi, xabar beradi prezident matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, viloyatni 2019−2020 yillarda rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 26 trillion 401 milliard so‘mlik 643 ta loyihadan iborat yangi hududiy investitsiya dasturi ishlab chiqilgan.

Mazkur dastur doirasida 2,5 mlrd $ to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtiriladi va 31 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.

Shu jumladan:

  • Beshariq tumanida “Farg‘ona Yasin qurilish mollari” korxonasida 200 mln $lik loyiha amalga oshirilib, joriy yilda 800 ming tonna va keyingi yildan 1,2 million tonna sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi;
  • Qo‘qon shahrida “Indorama” kompaniyasining 70 mln $ to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi hisobidan Qo‘qon superfosfat zavodi modernizatsiya qilinib, fosforli o‘g‘it ishlab chiqarish quvvatlari 100 ming tonnadan 375 ming tonnaga yetkaziladi;
  • Uchko‘prik tumanidagi “Shaffof omadli sanoat” korxonasida jami 30 mln $ sarmoya hisobidan avtomobillar uchun yiliga 350 ming dona gaz ballonlari hamda 2020 yildan yuk ko‘taruvchi elektr karalar, mini-traktorlar va qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun uskunalar ishlab chiqarish tashkil etiladi.

“Farg‘ona viloyati investitsiya olib kelish, sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir yil favqulodda holatda ishlaydi. Kelgusi yil may oyigacha hokimliklar ham, tegishli vazirliklar ham hisobot beradi. Bir yil shu tizimda ishlasak, hammasi ayon bo‘ladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari mutasaddilarga dasturdagi har bir loyihani amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvallarini tasdiqlab, ijrosini ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Ilgari Spot 2023 yildan Qo’qonda Hyundai elektromobillari ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.