Adliya vazirligi tomonidan Telegram ijtimoiy tarmog‘ida “@antikorbot” nomli maxsus bot yaratildi.

Mazkur bot korrupsiyaga oid huquqbuzarlik holatlari haqidagi xabarlar o‘z vaqtida yetkazilishini va darhol ushbu holatlarni aniqlash, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etilishini ta’minlashga qo‘shimcha imkoniyat yaratish maqsadida ishga tushirildi.

Endilikda, Adliya vazirligi va uning tizimidagi ta’lim muassasalarida noqonuniy ishlar, jumladan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik holatlari haqida ushbu bot orqali xabar berish mumkin bo‘ladi.

“Yuborilgan xabarlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi hamda murojaat qiluvchining shaxsi qat’iy sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda.

Vazirlik tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish — eng kam ish haqining 20 baravaridan (4 mln 54 ming 600 so‘mdan) 60 baravarigacha (12 mln 163 ming 800 so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi haqida eslatib o’tdi.