Ilgari Spot Iqtisodiy rivojlanishga ko`maklashish markazi eksperti Yuriy Naumovning “Davlat statistika qo`mitasining O`zbekiston YIM ko`rsatkichi to`g`risidagi hisobotida nima noto`g`ri?” nomli maqolasi munosabati bilan, Davlat statistika qo’mitasi O`zbekiston makroiqtisodiy ko`rsatkichlari bo`yicha kelib chiqqan savollarga tushuntirish berdi.

Qo’mitada qayd etilishicha, Davlat statistika qo`mitasi tomonidan doimiy ravishda Xalqaro valyuta jamg`armasi (XVJ) va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) kabi xalqaro tashkilotlarning milliy hisoblar statistikasi bo`yicha ekspertlari jalb etilmoqda hamda ular ishtirokida xalqaro tajribani inobatga olgan holda statistik yondashuvlarni qayta ko`rib chiqish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda va kelgusida ham amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, statistika uslubiyotini takomillashtirish jarayonida Jahon banki, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi, BMT Aholishunoslik jamg`armasi, BMT Xalqaro favqulotda bolalar jamg`armasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari va texnik ko`magidan keng foydalanilmoqda.

“2017 yil uchun YaIM ko`rsatkichi bo`yicha tafovutlar tarmoqlar statistikasi ma`lumotlarini qayta hisoblab chiqish natijalari bilan bog`liq”, deyiladi qo’mita bayonotida.

Davlat statistika qo`mitasining 2018 yil yanvar oyida e`lon qilingan dastlabki baholashlariga ko`ra, O`zbekistonda YaIM hajmi 249,1 trln. so`mni tashkil etdi. Keyinchalik, 2018 yilning may oyida Davlat statistika qo`mitasi YaIM hajmiga dastlabki aniqliklarni kiritdi va unga ko`ra YaIM hajmi 254,0 trln. so`mni tashkil etdi.

2019 yil yanvar oyida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan 2017 yil uchun YIM ko`rsatkichi keng miqyosda qayta ko`rib chiqildi va bu asosan qishloq xo`jaligi tarmog`i ma`lumotlaridagi o`zgarishlar natijasida kelib chiqdi. Bu o`zgarishlar, bir necha yillar davomida qishloq xo`jaligida ishlab chiqarish hajmini hisoblashda bozor narxlariga nisbatan sezilarli darajada past bo`lgan narxlardan foydalanilganligi bilan izohlanadi.

Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida qishloq xo`jaligi mahsulotlarining barcha turlari bo`yicha o`rtacha yillik narxlar qayta ko`rib chiqilib, bozor narxlariga o`tkazildi. Bunda qishloq xo`jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish miqdori, ya`ni natura ko`rinishidagi hajmlari o`zgarmadi.

Masalan, 2017 yil uchun qayta baholashga qadar 1 kg donning o`rtacha yillik narxi 648 so`mni tashkil qilgan bo`lsa, qayta baholashdan keyin 1686 so`mni, sabzavotlar qayta baholashga qadar — 895 so`mni, qayta baholashdan keyin — 2547 so`mni, poliz ekinlari qayta baholashga qadar — 865 so`mni, qayta baholashdan keyin — 1128 so`mni, tirik vazndagi mol go`shti qayta baholashga qadar — 5986 so`mni, qayta baholashdan keyin — 17470 so`mni; sut qayta baholashga qadar — 577 so`mni, qayta baholashdan keyin — 1678 so`mni tashkil etdi.

Qishloq xo`jaligi mahsulotlarining o`rtacha yillik narxlari qayta hisoblab chiqilganidan so`ng ushbu tarmoqning yalpi qo`shilgan qiymati hajmi 43,1 trln. so`mdan 91,0 trln. so`mga va mos ravishda, YIM hajmi 254,0 trln. so`mdan 302,5 trln. so`mga oshdi (+47,9 trln. so`m qishloq xo`jaligi hisobiga, +0,6 trln. so`m boshqa tarmoqlarga kiritilgan aniqliklar hisobiga).

Shu bilan birga, qayta hisoblash natijasida YIMning o`sish sur`atlari 5,2% dan 4,5% gacha pasaydi. Shuningdek, qishloq xo`jaligining YIM tarmoqlari bo`yicha tarkibidagi ulushi 19,7% dan 34,0% gacha o`sdi, sanoatning ulushi 27,2% dan 22,2% gacha, qurilishning ulushi 6,9% dan 5,7% gacha, xizmatlar sohasining ulushi 46,2% dan 38,1% gacha kamaydi.

Qayd etib o`tish lozimki, mahsulotlarga sof soliqlar ko`rsatkichidagi o`zgarishlar Milliy hisoblar tizimi va Davlat moliyasi statistikasi ma`lumotlari o`rtasidagi o`zaro muvofiqlikni ta`minlash maqsadida amalga oshirilganligi bilan izohlanadi.

Jahon tajribasida qabul qilinganidek, dinamik qatorlarda o`zaro muvofiqlikni ta`minlash maqsadida 2014−2016 yillar uchun YaIMni qayta baholash ishlari amalga oshirildi va ushbu ma`lumotlar foydalanuvchilar uchun Davlat statistika qo`mitasining rasmiy saytiga zaruriy tushuntirishlar bilan joylashtirildi. 2019 yil iyul oyiga qadar yaIMni 2010 yildan boshlab retrospektiv qayta hisoblashlarni davom ettirish va ularni Davlat statistika qo`mitasi rasmiy saytida e`lon qilish rejalashtirilgan.

Ta`kidlanishicha, uzoq davrlar uchun statistik ko`rsatkichlarni bunday qayta hisoblash ishlari tez-tez amalga oshirilmaydi va ular, odatda, uslubiy yondashuvlardagi sezilarli o`zarishlar bilan bog`liqdir. Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, Davlat statistika qo`mitasi statistik axborotlarni siklli qayta ko`rib chiqish tamoyili asosida shakllantiradi. Boshlang`ich bosqichda statistik ko`rsatkichlar bo`yicha dastlabki baholashlar amalga oshiriladi, keyinchalik esa hisob-kitoblar kengroq axborot bazasini olish asosida aniqlashtiriladi.

Qo’mita dastlabki ma`lumotlarni noto`g`ri talqin qilmaslik uchun foydalanuvchilardan rasmiy saytning “Chorak natijalari” bo`limidagi “Ushbu bo`limda statistik ko`rsatkichlar dastlabki ma`lumotlar hisoblanadi” ko`rinishidagi va boshqa eslatmalarga e`tibor qaratishni so`radi.

YaIM deflyatori indeksi (2018 yil yakunlari bo`yicha — 128,1%) bo`yicha shuni ta`kidlash kerakki, bu ko`rsatkich mohiyatan iste`mol narxlari indeksi (INI) ko`rsatkichidan farq qiladi. INI faqatgina iste`mol savatiga kiritilgan cheklangan sonli tovarlar va xizmatlar narxlarining o`zgarishini ifodalasa, YIM deflyatori indeksi iqtisodiyotda ishlab chiqarilgan barcha tovarlar va xizmatlar, jumladan, investitsion tovarlar, eksport qilinadigan tovar va xizmatlar hamda bozorga xos bo`lmagan (bepul ko`rsatilgan) xizmatlarni ham qamrab oladi.

Shuningdek, INI import qilinadigan tovarlarni ham qamrab olsa, YIM deflyatori indeksi hisob-kitoblarida faqatgina milliy iqtisodiyot rezidentlari tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlar hisobga olinadi.

“Bizning nashrlarimiz bo`yicha bildiriladigan har qanday sharhlar va takliflar uchun minnatdor bo`lamiz. Kelgusida Davlat statistika qo`mitasi tomonidan statistik ma`lumotlar va ularni hisoblash uslubiyotida vujudga kelayotgan o`zgarishlar, shuningdek, bunday o`zgarishlarning sabablari batafsil yoritib boriladi. Jamoatchilik bilan o`rnatiladigan yaqin munosabatlar statistik ma`lumotlarning yanada to`g`ri talqin qilinishiga va ularning shaffof bo`lishiga xizmat qiladi', deyiladi qo’mita bayonotida.