2019 yil I chorakdagi pul-kredit siyosati sharhida Markaziy bank inflyatsiya darajasi ortishining asosiy xatarlarini qayd etdi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, yaqin istiqbolda iqtisodiyotda inflyatsion bosimni yuzaga kelishi quyidagi omillar bilan bog‘liq bo‘ladi:

  • energiya resurslari narxining o‘tgan yil noyabridagi oshishining ikkilamchi ta’siri hamda joriy yil iyun oyidagi narxlar oshirilishining navbatdagi bosqichining kutilishi;
  • o‘rta darajadagi yumshoq fiskal siyosatning davom ettirilishi;
  • soliq siyosatidagi o‘zgarishlar va ayrim iste’mol tovarlari import boji stavkalari oshirilishi ta’sirining saqlanib qolinishi;
  • xizmatlar, jumladan kommunal xizmatlar narxlarining indeksatsiyalanishi;
  • investitsion talabni, xususan qurilish tovarlariga bo‘lgan talabning oshishi;
  • qulay tashqi shart-sharoitlarining saqlanib qolishi hisobiga respublikaga keladigan pul o‘tkazmalari hajmining oshishi natijasida iste’mol talabining ortishi;
  • tadbirkorlik faoliyati uchun zaruriy shart sharoitlarni o‘zgarishi (masalan, ayrim turdagi ishlab chiqaruvchilar uchun energoresurslari ta’minoti bo‘yicha cheklovlar kiritilishi);
  • import inflyatsiyasi va boshqalar.

Qayd etilishicha, inflyatsiyani keltirib chiqaruvchi omillarning ta’sirini kamaytirish maqsadida, birinchi navbatda, ichki bozordagi raqobat muhitini yanada yaxshilash, energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, ishlab chiqarish infrastrukturasini kengaytirish va modernizatsiyalash zarur hisoblanadi.

Shuningdek, butun respublika bo‘ylab logistika tizimini rivojlantirish hamda tashqi savdo talablarini yanada soddalashtirish va uning shaffofligini oshirish lozim.

Markaziy bank 2019 yilning II choragi davomida yillik inflyatsiya darajasi sezilarli o‘zgarishiga ta’sir etuvchi yetarli asoslar ko‘rmayapti.