MIB “Caravan Group” MChJ restoranlari auksionga qo’yilishi bilan bog’liq vaziyatga bayonot berdi.

Xabarga ko’ra, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining qarorlariga asosan qarzdor “Kreative Studio Caravan” MChJ, “Protekt Konsalt” MChJ, “Caravan Group” MChJ va “Karavan Art” MChJlardan “Аsakabank” foydasiga jami 15,5 mlrd soʼm, АTB “Kapital bank” foydasiga 3,7 mlrd soʼm va davlat foydasiga 77,2 mln soʼm undirish belgilangan.

Kredit qarzdorligi boʼyicha undiruvni jami bahosi 21,6 mlrd soʼmga teng garovda boʼlgan: Mirzo Ulugʼbek tumani, Shoʼrtepa koʼchasi 253-uy, Yakkasaroy tumani Аbdulla Qahhor koʼchasi 25-uy, Toshkent viloyati, Boʼstonliq tumani, Xoʼjakent mavzesi hamda Xoʼjakent QFY xududida joylashgan bino-inshootlar orqali amalga oshiriladi.

“Ijro hujjatlari boʼyicha tegishli tartibda ijro ishlari qoʼzgʼatilib, qarzdor korxonalarga ijro hujjati talablarini bajarish uchun 15 kungacha boʼlgan ixtiyoriy muddatlar belgilangan va qaror nusxalari tegishli tartibda korxona rahbarlariga topshirilib, ular xabardor qilingan. Shuningdek, ijro harakatlari haqida shaxsan Timur Musinga ham MIB xodimlari tomonidan tushuntirish berilgan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Chelsea ARMS (bahosi 4 mlrd soʼm) hamda Cinara`s (6 mlrd soʼm) bino inshootlar xatlanib, qarzdor korxona rahbarlariga tegishli tartibda xabarnoma yuborilgan holda 14 may kuni elektron onlayn-auktsion savdolariga chiqarilgan. Ushbu koʼchmas mulklarning auktsion savdolari joriy yilning 13 va 14 iyun kunlari oʼtkazilishi belgilangan.